Toshkent shahridagi “Yunusobod business city tadbirkorlik markazini qurish va ekspluatatsiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi (DUK) xodimi pora bilan qo‘lga tushdi, deb xabar bermoqda DXX axborot xizmati.

Qayd etilishicha, u mazkur markazda ko‘p qavatli turar joy binolari qurish uchun ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga tadbirkordan 300 ming dollar olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Direksiya va tadbirkor o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, markaz hududidagi eski uylarni buzish va qurilish uchun joy tayyorlash maqsadida muqaddam tadbirkor tomonidan direksiya hisobiga 22 mlrd so‘m miqdoridagi investitsiya mablag‘i o‘tkazib berilgan.

Ammo direksiya xodimi turli bahonalar bilan qurilish boshlashga ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishni ortga surgan va masalani ijobiy hal etib berish uchun pul talab qilgan.

Holat yuzasidan direksiya xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168- (Firibgarlik) va 28,211- (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.