Shavkat Mirziyoyev 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

Davlat rahbari tabrigi avvalida o‘tgan davrda yoshlar bilan bog‘liq yo‘nalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha vertikal boshqaruv tizimi yaratilganini ta’kidlab o‘tdi.

Shuningdek, mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilgani, “Yoshlar daftari” tizimi yo‘lga qo‘yilib, so‘nggi 2 yilda 798 ming nafarga yaqin yoshlarga qariyb 1 trillion so‘mlik yordamlar ko‘rsatilgani, jumladan, 53 ming nafar ehtiyojmand oilaga mansub talabaga o‘qish uchun kontrakt pullari to‘lab berilgani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, oliy ta’lim muassasalari soni salkam uch barobar ko‘payib, 210 taga, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetgan.

Oxirgi 3 yilda 250 ming nafar yoshga 6 trillion so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilgan. Mamlakat bo‘yicha 210 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil etilib, 4 trillion so‘mlik 2,5 mingta loyiha amalga oshirilgan. Natijada yosh tadbirkorlar soni 2 karra ko‘payib, 200 mingdan oshgan.

“Biz nafaqat yoshlarimiz, balki butun jamiyatimiz hayotini tubdan o‘zgartirishga xizmat qilayotgan ana shunday ezgu ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz. Shu borada yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, siz, azizlarning salohiyat va iqtidoringizni rivojlantirish va ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat va sharoitlarni yanada kengaytiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tabrikda yoshlar erishayotgan yutuqlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, o‘zbekistonlik o‘quvchilar o‘tgan yili xalqaro fan olimpiadalarida 7 ta oltin, 36 ta kumush va 38 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan. Yosh sportchilar esa xalqaro musobaqalarda 2023-yilda 247 ta oltin, 119 ta kumush, 110 ta bronza medali sohibiga aylandi.

Prezident “ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlar har qanday baland marrani egallashiga” ishonch bildirdi.

Yoshlarni mukofotlash

Shavkat Mirziyoyev sana munosabati bilan faol va tashabbuskor yoshlarning bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida farmon imzoladi. Hujjatga ko‘ra, quyidagilar “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi:

  1. Mambetyarova Ulbosin Musatdin qizi — Qo‘ng‘irot tumani “Mingjarg‘an” mahalla fuqarolar yig‘inidagi yoshlar yetakchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
  2. Niyazimbetov Sherzod Kadirberdiyevich — Nukus tumanidagi “Biogumus” fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
  3. Yo‘ldoshev Raximjon Rafukjon o‘g‘li — Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti agroinjeneriya va gidromelioratsiya fakulteti dekanining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, Andijon viloyati
  4. Ummataliyeva Moxlaroy Zokirjon qizi — Baliqchi tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining geografiya fani o‘qituvchisi, Andijon viloyati
  5. Gorev Petr Denisovich — Buxoro shahridagi “Buyuk ipak tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati dizayneri, Buxoro viloyati
  6. Yusupova Chinora Anvar qizi — Vobkent tumanidagi “Chinar Mushroom tomorqa xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Buxoro viloyati
  7. Nabiqulova Nafisa O‘ktam qizi — “So‘g‘diyona-W” professional futbol klubining ayollar jamoasi futbolchisi, Jizzax viloyati
  8. Usmonova Madina Ulug‘bek qizi — Jizzax shahridagi “Grand Super Star” mas’uliyati cheklangan jamiyati kran mashinisti, Jizzax viloyati
  9. Mansurova Zarina Anvar qizi — Qarshi tumanidagi 71-umumiy o‘rta ta’lim maktabining informatika fani o‘qituvchisi, Qashqadaryo viloyati
  10. Xaqberdiyev Abdumannon G‘afurovich — Muborak gazni qayta ishlash zavodining sex operatori, Qashqadaryo viloyati
  11. Ravshanova Gulhayo Azamatovna — Navoiy viloyati “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari
  12. Raxmonov Suxrob Yusupovich — Navoiy shahridagi “Bur Kompressor Navoiy” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Navoiy viloyati
  13. Abdullayeva Zamira Muxtorjon qizi — Chortoq tumanidagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, Namangan viloyati
  14. Rafikov Jaxongir Raximjonovich — Namangan shahridagi “Effortless Education Service” nodavlat ta’lim muassasasining “Start-21” o‘quv markazi rahbari, Namangan viloyati
  15. Balikova Charos Norbek qizi — Shashka bo‘yicha O‘zbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi a’zosi, Samarqand viloyati
  16. Maxkamtosheva Marhabo Abduraxmon qizi — Samarqand davlat universitetining 2-bosqich talabasi, Samarqand viloyati
  17. Boqiyeva Feruza Sherali qizi — “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “O‘zbekiston” lokomotiv deposi “Afrosiyob” yuqori tezyurar elektropoyezdi mashinisti yordamchisi, Sirdaryo viloyati
  18. Toshbekov Jo‘rabek Abdumalik o‘g‘li — Sirdaryo tumanidagi “Software-Developers-Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Sirdaryo viloyati
  19. Abdumalikov Umidjon Abdumalik o‘g‘li — Termiz tumanidagi “Surxon Termiz Umid” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Surxondaryo viloyati
  20. Ochildiyeva Dilnoza O‘tkir qizi — Qiziriq tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garak rahbari, Surxondaryo viloyati
  21. Abdullayev Ruslan Anvar o‘g‘li — Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Toshkent viloyati
  22. Qiyomova Marjona Murodxo‘ja qizi — Parkent tumanidagi “Kumushkon” kutubxonasi rahbari, Toshkent viloyati
  23. Ibroximov Jaxongirmirzo Ulug‘bek o‘g‘li — Marg‘ilon shahridagi “Muhandisona” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Farg‘ona viloyati
  24. Turg‘unova Nodiraxon Abduraxim qizi — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 1-bosqich magistranti, Farg‘ona viloyati
  25. Qalandarov Shohruhbek Mirzabek o‘g‘li — Xonqa tumanidagi “Xonqa chorva kapital” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Xorazm viloyati
  26. Masharipova Guli Ra’no Ozodovna — “Edu Action” IELTS test markazining Xorazm viloyati bo‘yicha bosh koordinatori
  27. Achilova Diyora Alisherovna — Toshkent pediatriya tibbiyot institutining xalqaro fakulteti yoshlar yetakchisi
  28. Umirzakov Shahzod Baxtiyor o‘g‘li — Yunusobod tumanidagi “Tass Vision” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent shahri
  29. Asqaraliyeva Mahliyoxon Akmaljon qizi — O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi
  30. Jo‘raqulova Marjona Sadriddin qizi — O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining “Qizlar ovozi” klubi rahbari
  31. Ikromova Taxmina Izatulloyevna — Gimnastika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining badiiy gimnastika bo‘yicha sportchisi
  32. Kadirov Azamat Azizovich — “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyatining Parvozlar xavfsizligi va sifat ta’minoti boshqarmasi “A-320” havo kemasi uchuvchi-noziri
  33. Muxsumov Javlonbek Xusniddin o‘g‘li — Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning xalqaro olimpiada zaxiralari markazi o‘qituvchisi
  34. Raxmonova Nargizaxon Baxtiyorjon qizi — O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli artisti
  35. Safarov Xudoynazar Sunnat o‘g‘li — “O‘zbekgeologiyaqidiruv” aksiyadorlik jamiyatining Zarafshon dala geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi yer osti ishlari geologi
  36. Usmanova Maftuna Anvarovna — Toshkent shahridagi “Sharoit plyus” nogironlar jamoat birlashmasining loyihalar koordinatori
  37. Xamroyev Sardorbek Islom o‘g‘li — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi
  38. Elmurodova Nigina Baxtiyor qizi — Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining buyrak transplantatsiyasi va reabilitatsiyasi bo‘limi jarrohi