“Bi-bi-si” jurnalistlari iyun oyida KXDR fuqarolari bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi (manbalar ular suhbatlashgan fuqarolar ishonchli ekani, yolg‘on ma’lumot bermasligini ta’kidlamoqda). Ularning ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatdagi iqtisodiy ahvol va oziq-ovqat ta’minoti birdan sezilarli yomonlashgan. Avvallari guruchga pul topa olgan aksariyat shimoliy koreyaliklar endi nisbatan arzonroq yegulik — makkajo‘xori iste’moliga o‘tgan. Bozorlarda mahsulotlar kamayib ketgan va, “Bi-bi-si” suhbatdoshlarining so‘zlaridan xulosa qilinsa, odamlar ochlikdan o‘la boshlagan.

Meduza Seuldagi Kunmin universiteti yetakchi ilmiy tadqiqotchisi Fyodor Tertitskiyga tayanib, Shimoliy Koreya hukumati nima sababdan o‘nlab yillardan beri oziq-ovqat muammosini hal qila olmayotgani va pandemiya vaziyatni qanday qilib yanada og‘irlashtirgani haqida tahliliy maqola e’lon qildi. “Gazeta.uz” maqola tarjimasini e’tiboringizga havola qiladi.

Shimoliy Koreya tarixda bir necha bor ocharchilikni boshdan kechirgan. Eng dahshatlisi — nisbatan yaqinda, to‘qsoninchi yillarda kuzatilgan

Iqtisodiy inqirozlar va ocharchilik Shimoliy Koreyaning 78 yillik tarixida muntazam yuz berib turgan. Eng birinchi inqiroz Koreyaning Sovet-Yapon urushi natijasida sovetlar tomonidan egallab olingan hududida boshlangan. Inqiroz yarim orolning shimoliy qismi agrar sohaga ixtisoslashgan janub va sobiq metropoliya (ya’ni Yaponiya)dan uzib qo‘yilishi, shuningdek, bosqinchi kuchlar qo‘mondoni general-polkovnik Ivan Chistyakovning shafqatsiz rahbarlik uslubi natijasida yuzaga kelgan. Shimoliy Koreyadagi ilk ocharchilikning asosiy qurbonlari yaponiyaliklar bo‘lib, ularni sovet qo‘mondonligi gettoga (izolyatsion lagerga — tahr.) joylashtirgan — u yerda odamlar yomon sanitariya sharoitlari va oziq-ovqat yetishmovchiligidan qirilgan. Chistyakov qo‘l ostidagilarning odamlarga guruch berish to‘g‘risidagi iltimosiga veto qo‘ygan va guruch Qizil Armiya o‘ljasi ekanligini aytgan.

Yaponiya taslim bo‘lganidan keyin Koreyaning shimoliy qismida iqtisodiyot amalda butunlay to‘xtab qoladi. Ochlik aholining yanada kengroq qatlamlarini qamrab olishi mumkin edi, biroq falokatning oldini olishga erishiladi. Arxiv hujjatlari shuni ko‘rsatadiki, bunda Primorskiy harbiy okrugi qo‘mondoni marshal Kirill Meretskovga okkupatsiya hududida nimalar sodir bo‘layotgani haqida xabar berishdan qo‘rqmagan ikki ofitser — podpolkovnik Georgiy Fedorov va mayor Yuriy Livshitsning aralashuvi asosiy omil bo‘lib xizmat qilgan. O‘zi 1941-yilgi qatag‘ondan mo‘’jizaviy tarzda qutulib qolgan marshal ochlikdan azob chekayotgan yaponlarga yordam ko‘rsatish haqida buyruq beradi.

KXDRda keyingi ocharchilik 1954−1955-yillardagi voqealar paytida yuz bergan. Bu safar ocharchilikka kollektivlashtirish sabab bo‘ladi: Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Ir Sen sovet modeliga ergashishga shu qadar ishtiyoq bilan kirishib ketadiki, 1952-yilda Moskvadagi uchrashuv chog‘ida Iosif Stalinning o‘zi unga sur’atni biroz susaytirishni maslahat beradi. Nafaqat xususiy savdoga nisbatan qo‘yilgan bir qator taqiqlar sabab yuzaga kelgan ocharchilik, balki KXDRning urushdan keyingi tuzilmasidan xafsalasi pir bo‘lgan amaldorlarning birin-ketin o‘z joniga qasd qilishlari ham partiya rahbariyatini iqtisodiy siyosatni vaqtincha yumshatishga majbur qiladi. Savdoga qo‘yilgan cheklovlar yengillashtiriladi va bunga parallel ravishda Pxenyan yetishmayotgan donni boshqa sotsialistik mamlakatlardan sotib ola boshlaydi.

Biroq Shimoliy Koreya tarixidagi eng dahshatli yut 1990-yillardagi Buyuk ocharchilik bo‘lib, bu Sharqiy Osiyoda Mao Szedunning “Buyuk sakrash” davridan keyin kuzatilgan eng katta fojiadir. Ushbu hodisalarga bir qancha omillar sabab bo‘lgan.

Birinchidan, Kim Ir Senning iqtisodiy masalalarda mutlaqo bilimsizligi. KXDR asoschisi, birinchi navbatda, o‘zining azaliy orzusi — Janubga bostirib kirish va Koreyani o‘z hukmronligi ostida birlashtirishga xizmat qiluvchi maksimal darajada markazlashgan iqtisodiyotni yaratishga intilgan. Qishloq xo‘jaligi mamlakat rahbari uchun ustuvor ahamiyatga ega emasdi va shu sababli 1980-yillarda bu soha chuqur inqirozga yuz tutdi. Kolxoz tizimining samarasizligi ham, rivojlanmagan infratuzilma sharoitida mexanizatsiyalashning yetarli darajada emasligi ham, shuningdek, qishloq xo‘jaligidagi muvaffaqiyatsiz tajribalar ham o‘z so‘zini aytdi.

Ikkinchi muhim omil — geosiyosiy o‘zgarishlar edi. Iqtisodiyoti “birodar mamlakatlar” — birinchi navbatda Xitoy va SSSR — ta’minotiga bog‘liq bo‘lgan Shimoliy Koreya tashqi yordamsiz qoldi. Bunga ko‘p jihatdan Pxenyanning o‘zi — Moskva (1990-yilda) va Pekinning (1992-yilda) Janubiy Koreya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish qaroriga emotsional munosabatda bo‘lganligi sabab edi. Kim Ir Sen nuqtai nazarida bu — Janubiy Koreya bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish — xiyonat edi va u “Janubiy Koreya qo‘g‘irchoqlari”ni tan olgan sovet va xitoylik “revizionistlar” KXDRning bu pozitsiyasini his qilishi uchun harakat qildi.

Nihoyat, uchinchi omil — 1990-yillar o‘rtalarida qishloq xo‘jaligiga navbatdagi zarba bo‘lgan suv toshqinlari, to‘rtinchisi esa 1994-yilda Kim Ir Senning olamdan o‘tishi edi. Otasining qariyb yarim asrlik hukmronligidan keyin hokimiyatni meros qilib olgan ehtiyotkor Kim Chen Ir har qanday qaltis harakat rejimni qulatishi mumkinligidan cho‘chib, tizimda imkon qadar hech qanday o‘zgarish qilmaslikka qaror qildi. Shu bois KXDR hukumati tarkibiy islohotlarni amalga oshirmadi va hatto qo‘shnilaridan yordam ham so‘ramadi.

Natijada falokat yuz berdi. KXDRda ocharchilik qurbonlari soni kamida yuz minglab, ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, million kishidan oshib ketdi. Omon qolgan ko‘pchiligining salomatligi muntazam ravishda to‘yib ovqatlanmaslik tufayli yomonlashdi. Inqiroz bir necha yil o‘tgach, KXDR iqtisodiyoti qora bozor tufayli yana o‘sishni boshlaganidagina barham topdi, hukumat esa uni liberallashtirishga qaror qildi.

So‘nggi yillarda KXDR haqida avvalgidan ham kamroq ma’lumotga egamiz. Hamma gap — koronavirusda

So‘nggi bir necha yil ichida KXDR taqdirini belgilab bergan asosiy omil koronavirus pandemiyasi bo‘ldi. Uxanda yuzaga kelgan ilk epidemiyadan so‘ng — va hatto 2020-yil mart oyining boshida kasallik butun sayyora bo‘ylab tarqala boshlamasdan oldin — Shimoliy Koreya tashqi dunyo bilan aloqani qariyb butunlay uzdi. Shunga o‘xshash, hartugul nisbatan yumshoqroq karantin rejimini, aksariyat hollarda KXDRning uchinchi davlatlar bilan aloqalariga vositachilik qiluvchi, Xitoy ham joriy qildi.

Janubga sayohat qilayotgan KXDR fuqarolari soni ham keskin qisqardi (so‘nggi uch yilda ularning soni 1990-yillardagi ko‘rsatkichdan ham kamaydi).

Janubiy Koreyaga kelayotgan KXDR fuqarolari soni. Infografika: MeduzaJanubiy Koreyaga kelayotgan KXDR fuqarolari soni. Infografika: Meduza

Natijada KXDR haqidagi ma’lumotlar hajmi keskin qisqardi. Ushbu yopiq mamlakatni o‘rganish uchun tadqiqotchilar bir nechta usullardan foydalanardilar:

  1. Shimoliy koreyalik qochqinlar bilan suhbatlashish;
  2. KXDRdan sizib chiqqan maxfiy hujjatlar bilan tanishish;
  3. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan ishlash;
  4. KXDRdan tashqarida, xorijiy mamlakatda yashovchi shimoliy koreyaliklar bilan suhbatlar (masalan, Dandong yoki Makaoda);
  5. Ochiq manbalarni tahlil qilish;
  6. Turistik sayohatlar doirasida KXDRga safar qilish.

Ushbu olti banddan faqatgina ochiq ma’lumotlar va sun’iy yo‘ldosh tasvirlari bilan ishlash o‘zgarishsiz qoldi — hatto materiallarning sizib chiqishi ham bir necha baravarga qisqardi (bunday holatlardan biri sifatida faqat Koreya Mehnat partiyasining 2021-yil VIII yig‘ilishida tasdiqlangan yopiq Nizomining sizib chiqishini keltirish mumkin).

Hatto Xitoydan ham yopilgan KXDR hukumati yangi inqirozni keltirib chiqardi. Bunga 2019-yildagi Kim Chen In va Tramp o‘rtasidagi muzokaralarning muvaffaqiyatsiz yakunlangani ham ta’sir qilgan

Qariyb butun dunyo (shu jumladan, koronavirusga nisbatan butkul murosasizlik rejimini saqlab qolishga harakat qilgan Xitoy, Avstraliya va Yangi Zelandiya)dan farqli o‘laroq, KXDR hali ham chegaralarini ochmadi. Bu esa deyarli birgina Xitoy bilan amalga oshiriladigan tashqi savdo intensivligining keskin pasayishiga olib keldi.

Xitoydan iqtisodiy yordam yetkazib berish ham qiyinlashdi. Shu bilan birga, Shimoliy Koreya oziq-ovqat sektori Xitoyga kuchli bog‘langan. Gap nafaqat mahsulot yetkazib berish, balki o‘g‘itlar, asbob-uskunalar, yoqilg‘i, qishloq xo‘jaligi texnikalari va yuk avtomobillari uchun ehtiyot qismlar kabi tovarlar haqida ham bormoqda.

Biroq, yangi inqirozga turtki bergan omil faqatgina Xitoy bilan savdo aloqalarining uzilishi emas. KXDR iqtisodiyotida bugun — aksil-islohotlar davri. Iqtisodiyotdagi 2000-yillarning oxiri va 2010-yillarning boshlaridagi ijobiy o‘zgarishlarni orqaga qaytarish 2019-yili Xanoyda bo‘lib o‘tgan Shimoliy Koreya-Amerika sammiti muvaffaqiyatsizlikka uchragach boshlangan edi. O‘shanda Kim Chen In prezident Donald Trampdan KXDRga qarshi sanksiyalar bekor qilinishini kutgani holda, amalda hech narsa ololmadi. Pxenyanning shundan keyingi xatti-harakatlaridan xulosa qilinsa, KXDR rahbari sanksiyalar hali-beri bekor qilinmaydi va avtarkiyaga asoslangan, o‘zini o‘zi ta’minlaydigan iqtisodiyotni qurish zarur, degan qarorga kelgan.

KXDRdagi hozirgi vaziyat haqida ma’lumot nihoyatda kam. Biroq bori ham yangi ocharchilik xavfi ancha yuqori ekanligini tasdiqlaydi

Shimoliy koreyaliklarning umumiy ovqatlanish tamoyili o‘nlab yillardan beri o‘zgarishsiz qolmoqda. O‘ziga to‘q kishilar baliq va go‘sht mahsulotlarini nisbatan tez-tez iste’mol qilish imkoniga ega. Guruch — o‘rta sinf uchun. Kambag‘al qatlam uchun — makkajo‘xori. Ochlikdan aziyat chekayotgan odamlarda esa hatto shunga ham pul yo‘q.

DailyNK tomonidan yuritiladigan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Pxenyan va unga chegaradosh Siniychju va Xesan shaharlarida guruch narxi 2019-yilga nisbatan 25 foizga oshib, so‘nggi besh yil ichidagi eng yuqori darajaga yetdi. Makkajo‘xori narxi yanada ko‘proq oshdi — 2019-yildagidan deyarli ikki baravar yuqori. Gap Shimoliy Koreya vonining qadrsizlanganida emas, chunki uning KXDRda qo‘llaniladigan asosiy xorijiy valyuta — AQSh dollariga nisbatan kursi deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda.

Bozorda narx o‘sishi odatda talabning ortishi yoki taklifning kamayishiga javoban yuz beradi — va Shimoliy Koreyada sodir bo‘layotgan voqealar haqida biz bilgan nisbatan kam ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, KXDR vaziyatida gap ikkinchi ssenariy haqida ketmoqda. Mamlakatning o‘zini-o‘zi yakkalaganligi ham, qishloq xo‘jaligidagi inqiroz tufayli yakkalanib qolishi ham bozorlarda mahsulotlarning kamayishiga olib kelmoqda. Narxlar oshib bormoqda — odamlar esa tobora kamroq oziq-ovqat sotib olishga majbur.

Natijada mamlakatda turmush darajasi pasayib bormoqda. Ilgari to‘yib ovqatlanganlarning bir qismi to‘yib ovqatlanish imkoniyatidan mahrum bo‘la boshlaydi. Ilgari to‘yib ovqatlanmaydiganlarning bir qismi ochlikdan va organizmning zaiflashishi bilan bog‘liq kasalliklardan vafot etadi.

Hozirgi ocharchilik (agar u haqiqatan ham kuzatilayotgan bo‘lsa) ko‘p jihatdan 1990-yillardagi ocharchilikka o‘xshaydi. Lekin hozir KXDRda falokatdan qutulish imkoniyati ko‘proq

Mavjud barcha ma’lumotlarga tayanilsa, KXDRda yuzaga kelayotgan vaziyat 1990-yillardagi ocharchilikka olib kelgan shart-sharoitlarga ma’lum darajada o‘xshaydi. Asosiy sabab — o‘sha-o‘sha: Xitoy, Vetnam, Laos va Kuba (ya’ni, sotsialistik blokning boshqa barcha mamlakatlari)dan o‘rnak olib bozor islohotlarini o‘tkazish o‘rniga, KXDR turgan joyidan oldinga harakat qilmayapti. Oliy rahbariyat nisbatan liberallik hukm surgan yillarda mavjud bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining islohotchi qismining lobbi qilish imkoniyatini muntazam ravishda qaytarishga urinmoqda. Ikkinchi sabab ham o‘xshash — Xitoy taklif qilayotgan yordamni rad etish.

Shu bilan birga, 2023-yildagi ehtimoliy ocharchilik va 1990-yillardagi voqealar o‘rtasida jiddiy farq bor. Birinchidan, KXDRning hozirgi iqtisodiyoti 25−30 yil avvalgisidan ko‘ra ko‘proq bozorga yo‘naltirilgan. Ikkinchidan, 1990-yillarda Pxenyanning asosiy motivi — “xitoyliklarning shimoliy koreyaliklarga yordam berishiga yo‘l qo‘ymaslik” — mafkuraviy (Janubiy Koreyani tan olgani uchun Xitoyga nisbatan norozilik) edi va 2020-yillarda uning o‘rnini sanitar motiv — pandemiya sharoitidagi karantin egalladi. Yana bir jihati, 2023-yil iyundagi qat’iy koronavirus cheklovlari anaxronizmga o‘xshaydi. Sharqiy Osiyoda karantin dunyoning boshqa mintaqalariga qaraganda uzoqroq amal qilganiga qaramay, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya allaqachon odatdagi turmush tarziga qaytgan.

Vaziyat o‘zgarishiga, nimadandir umid qilishga shimoliy koreyaliklarda ham asoslar yo‘q emas. 18-iyun kuni KXDRning bosh gazetasi “Nodon Sinmun” Kim Ir Sen tavalludining 110 yilligi va Kim Chen Ir tavalludining 80 yilligi munosabati bilan navbatdagi “Pektu tog‘idan buyuk odamlarni madh etish festivali” o‘tkazilishi haqida xabar berdi. Hozircha u Pxenyanda bo‘ladimi yoki onlayn tarzda — aniq emas, biroq karantin siyosatida o‘zgarishlar bo‘lishiga imkoniyat mavjud.

KXDR nima uchun o‘z fuqarolarining bir qismining hayotiga zomin bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday xatarli siyosat olib bormoqda? Turli farazlarni ilgari surish mumkin, biroq aniq sababini bilmaymiz. Shunga qaramay, nisbatan katta ishonch bilan ayrim xulosalar qilish mumkin. Birinchidan, amaldagi yopiqlik rejimi Kim Chen Inning ixtiyori bilan amal qilmoqda va faqat uning roziligi bilan bekor qilinishi mumkin. Ikkinchidan, makkajo‘xori guruchdan ham ko‘proq qimmatlashgani vaziyat yanada yomonlashgan taqdirda birinchi galda qashshoq shimoliy koreyaliklar jabr ko‘rishidan dalolat beradi. Narxlar o‘sishda davom etgan taqdirda, ochlikdan o‘lish holatlari ham ortib boraveradi.