Fransiyada nanterlik 17 yoshli o‘smir politsiyachilar tomonidan otib qo‘yilganidan so‘ng boshlangan tartibsizliklar ikki kundan beri to‘xtamayapti, deya xabar bermoqda Meduza. Tartibsizliklar Il-de-Frans, Lion, Tuluza va Dijon hududlarini qamrab olgan. Mamlakat ichki ishlar vaziri Jerald Darmanenning ma’lum qilishicha, politsiya 29-iyunga o‘tar kechasi mamlakat bo‘ylab kamida 150 kishini qo‘lga olgan.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, norozilik aksiyasi ishtirokchilari avtomobillar va ma’muriy binolarga qarata mushaklardan o‘t ochgan. Agence France-Presse (AFP) agentligi politsiyadagi manbaga tayanib xabar berishicha, bir guruh odamlar xuddi shunday mushaklardan o‘t ochganicha Fresn qamoqxonasiga kirish joyidagi qo‘riqlov postiga hujum qilgan.

“Respublika ramzlariga nisbatan chidab bo‘lmas xunrezliklar tuni: meriyalarga, maktablar va politsiya bo‘linmalariga hujumlar va o‘t qo‘yish holatlari. 150 kishi qo‘lga olingan. [Tartibsizliklar ishtirokchilariga] mardonavor qarshilik ko‘rsatayotgan politsiyachilar, jandarmlar va o‘t o‘chiruvchilarini qo‘llab-quvvatlayman. Tinchlikka chorlamaganlarga uyat”, — deb yozdi Darmanen Twitter’dagi sahifasida.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron “tushuntirib bo‘lmas va qabul qilib bo‘lmaydigan” zo‘ravonlikni qoraladi. U mamlakat fuqarolarini har joyda, xususan, halok bo‘lgan yigit sharafiga o‘tkaziladigan motam yurishida ham tinchlikni saqlashga chaqirgan edi. Avvalroq halok bo‘lgan yigitning oila a’zolari Nanter shahri aholisini 29-iyun kuni motam yurishida qatnashishga chaqirgan edi. Shu munosabat bilan Fransiya IIV Parij atrofiga 2 mingga yaqin politsiyachi safarbar etilganini ma’lum qildi.

Tartibsizliklar oqibatida qancha zarar yetkazilgani haqida hozircha aniq va to‘liq ma’lumot yo‘q. Tartibsizliklarning birinchi oqshomi yakunlariga ko‘ra Darmanen 31 kishi qo‘lga olingani, 24 nafar politsiyachi yengil jarohatlangani, tartibsizliklar ishtirokchilari tomonidan 40 ga yaqin avtomobil yoqib yuborilgani haqida axborot bergan edi.

Parij yaqinidagi politsiya binosi oldidagi avtoturargohda bo‘lgan va tartibsizliklar vaqtida yoqib yuborilgan avtomobillar. Foto: Bertrand Guay / AFP / Scanpix / LETA / MeduzaParij yaqinidagi politsiya binosi oldidagi avtoturargohda bo‘lgan va tartibsizliklar vaqtida yoqib yuborilgan avtomobillar. Foto: Bertrand Guay / AFP / Scanpix / LETA / Meduza

Fransiyadagi mazkur norozilik va tartibsizliklar 27-iyun tongida Nanter shahrida politsiyachi 17 yoshli Noil M.ni (uning to‘liq ismi oshkor etilmayapti) qo‘lga olish vaqtida otib tashlaganidan so‘ng boshlangan. Prokuraturaning ta’kidlashicha, politsiya patruli Noilning avtomobilini u yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun to‘xtatgan edi.

Dastlab Noil o‘z mashinasida politsiyachilardan birining ustigsha haydab borganida u o‘t o‘chib, yigitni ko‘kragidan yarador qilgani haqida xabar berilgan edi. Ammo bu talqin hodisaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan videoyozuviga mos kelmadi. Le Monde va AFP jurnalistlari videoyozuv haqiqiy ekanini tasdiqladi.

Videoda to‘xtagan mashina yonida ikki politsiyachi turgani, ulardan biri esa haydovchiga qurol o‘qtalayotganini ko‘rish mumkin. Ayni vaqtda kimdir: “Boshingizdan darcha ochib qo‘yiladi”, degan gapni gapirayotgani eshitiladi. Shundan so‘ng avtomobil joyidan keskin qo‘zg‘aladi, politsiyachi esa unga amalda oldidan turib o‘q uzadi. Mashina bir necha metr yurgach, yo‘l chetidagi to‘siqqa borib uriladi.

Keyinroq AFP’ning politsiyadagi manbasi o‘smir politsiyachilarning qonuniy talabiga bo‘ysunmaganini ma’lum qildi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa yuz bergan vaqtda avtomobilda yana ikki kishi bo‘lgan. Ulardan biri qisqa muddatga ushlangan, ikkinchisi esa qochib ketgan.

O‘smirga qarata o‘q uzgan 38 yoshli politsiyachi hibsga olingan va qotillik jinoyatida gumonlanib, so‘roq qilinmoqda. O‘ldirilgan yigitning oilasi bu politsiyachiga qarshi yana bir — yolg‘on ko‘rsatma berish holati bo‘yicha, uning hamkasbiga nisbatan esa qotillikda ishtirokchilik holati bo‘yicha sudga da’vo qilmoqchi.

Fransiya politsiyachilarining yetakchi ikki kasaba uyushmasi “aybi isbotlanmagunicha, gumonlanuvchi aybsiz deb hisoblanishi” kerakligini qayd etgani holda, politsiya xodimini himoya qilib chiqdi. Bundan tashqari, Nanter prokuraturasi politsiya talablariga bo‘ysunmaslik va “hokimiyat vakilini o‘ldirishga urinish” holati bo‘yicha yana bir jinoyat ishi ochgan.

Prezident Emmanuel Makron Noil M.ning o‘ldirilishini “kechirib bo‘lmas” deb atadi va uning qarindoshlariga hamdardlik bildirdi. U “odil sudlov o‘z ishini qila olishi uchun” mamlakat aholisini tinchlikni saqlashga chaqirdi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, o‘ldirilgan o‘smir fransuz-jazoir oilasidan edi. Agentlikning qayd etishicha, Noil M. bilan yuz bergan hodisa 2023-yil hisobidan Fransiyada qo‘lga olish vaqtida gumonlanuvchini o‘ldirib qo‘yish bilan bog‘liq uchinchi holatdir. O‘tgan yili 13 ta shu kabi holat qayd etilgan edi. 2021-yili haydovchilarni qo‘lga olish vaqtida uchta, 2020-yili esa ikkita o‘lim holati qayd etilgandi. Reuters hisob-kitoblariga ko‘ra, 2017-yildan beri mamlakatda qo‘lga olish vaqtida halok bo‘lganlarning aksariyati — kelib chiqishi afrikalik yoki arab bo‘lgan kishilardir.