Davlat xavfsizlik xizmati so‘nggi vaqtlarda 14 kg ga yaqin giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘ydi, deya xabar qildi O‘zA DXX matbuot xizmatiga tayangan holda

Jumladan, Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, qirg‘izistonlik narkokur’erlar kontrabanda yo‘li bilan yetkazib bergan 9 kg 57 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olib, Farg‘ona shahri tomon harakatlanmoqchi bo‘lgan vaqtida Oltiariq tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan ayol (1971 y.t.) ushlandi.

DXX Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Ko‘kdala tumanidagi “Umakay” YPX maskanida Toshkent tomon harakatlanayotgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi fuqaro (1986 y.t.) boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatildi.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 2 kg “opiy” va 550 gr. “gashish” moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, Tojikistondan keltirilgan ushbu ajal og‘usini Toshkentda qabul qilib olgan vaqtida Denov tumanida yashovchi shaxs (1994 y.t.) ham ushlandi.

DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroga (1974 y.t.) tegishli dala hovli xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, Qirg‘iz Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 1 kg 390 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu fuqaro 12 ming AQSh dollariga sotib olingan narkotikni qayta sotib, mo‘may daromad topishni rejalashtirgan.

DXX Toshkent va Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalliy fuqaro (1986 y.t.) 974 gr. “gashish” moddasini 10 ming dollarga sotgan vaqtida ushlandi. Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u giyohvandlik vositalarini hamshahari bo‘lgan fuqarodan (1989 y.t.) olgani ma’lum bo‘lib, u ham qo‘lga tushirildi. Ta’kidlanishicha, ushbu narkotik modda Qirg‘izistondan olib kelingan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan DXXning joylardagi tergov bo‘limlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.