O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining sobiq raisi, muftiy, marhum “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyun kuni bu haqdagi farmonni imzoladi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “o‘zining serqirra faoliyati hamda beqiyos ilmiy-ma’rifiy merosi bilan islomiy tafakkur va madaniyatni ravnaq toptirish, muqaddas dinimizning ulug‘ insoniy g‘oyalarini xalqimizga yetkazish, mashhur ulamolarimizning bebaho asarlarini chuqur tadqiq etish, turli mamlakat va o‘lkalarda keng targ‘ib qilish borasidagi ko‘p yillik samarali mehnati, xalqaro miqyosda dinlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, millat va elatlar o‘rtasida hamjihatlik va ahillikni mustahkamlash, jamiyat hayotida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga qo‘shgan ulkan hissasi, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi alohida xizmatlari uchun” mukofotlandi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad, shuningdek, Butundunyo mutafakkir ulamolari uyushmasining Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, Butunjahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Butundunyo Islom uyushmasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning, Iordaniya qirollik akademiyasining ham a’zosi edi. Shayx Misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoni, shuningdek, Rossiya, Liviya va boshqa davlatlarning ko‘plab yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

Davlat rahbari o‘zining boshqa bir farmoni bilan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasining sobiq raisi, muftiy, marhum shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxonni ham “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotladi.

Orden “g‘oyat murakkab tarixiy sharoitda faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimiz va mintaqamizda islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati va ezgu g‘oyalarini el-yurtimizga bezavol yetkazish, buyuk ulamo va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy merosini turli millatlar va elatlar orasida keng targ‘ib etish borasidagi ko‘p yillik ibratli faoliyat” boshqa xizmatlari uchun berildi.