O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

Davlat rahbari so‘zi avvalida “ro‘y berayotgan tarixiy o‘zgarishlar” tufayli OAVni erkin fikr minbariga, xalq manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish uchun huquqiy zamin yaratilganini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, hozirda 2140 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 65 foizi nodavlat media vositalari. Internet nashrlar soni esa 745 taga yetgan.

Birinchi marta o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash bo‘yicha Ochiqlik indeksi natijalari e’lon qilingani so‘z erkinligi yo‘lidagi “muhim qadam” deb ataldi.

Shuningdek, kitobxonlikni ommalashtirishga nashriyot-matbaa sohasi xodimlari ham hissa qo‘shayotgani keltirib o‘tildi. So‘nggi yillarda respublika nashriyotlari tomonidan 132 million nusxa badiiy kitob va boshqa adabiyotlar chop etilgani ma’lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev tabrikda axborot yo‘nalishida o‘ta dolzarb vazifalar turganini ta’kidladi.

“Hozirgi vaqtda yer yuzining turli burchaklarida yuz berayotgan, barchamizni tashvish va xavotirga solayotgan voqealarni hisobga oladigan bo‘lsak, global dunyoda axborotlashuv jarayonlarining tahdidli jihatlari ham borligi va ular tobora kuchayib borayotganidan ko‘z yumolmaymiz. Dunyoning ayrim mintaqa va hududlarida ommaviy axborot vositalari muayyan siyosiy kuchlar qo‘lida informatsion urushni avj oldirishga, jamoatchilik fikrini chalg‘itishga, oqni qora, qorani oq deb ko‘rsatishga xizmat qilayotganini afsus bilan qayd etishga to‘g‘ri keladi”, — dedi prezident.

U, shuningdek, jamiyat hayotida uchrayotgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, byurokratiya va korrupsiya kabi illatlarga qarshi kurashishdagi OAVning o‘rni haqida gapirdi. Shu o‘rinda yosh jurnalistlarni tayyorlash masalasiga to‘xtalib o‘tdi.

“Bu sohada oldimizda turgan vazifalarni aniq belgilab olish va amalga oshirishda hozirgi vaqtda O‘zbekiston Jurnalistlari uyushmasi tomonidan tayyorlanayotgan Milliy ma’ruza katta amaliy ahamiyat kasb etadi, deb ishonaman. Fursatdan foydalanib, davlatimiz va jamiyatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlarining ish va turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning mashaqqatli va mas’uliyatli mehnatini rag‘batlantirish, sohaning moddiy-texnik va kadrlar salohiyatini mustahkamlash uchun zarur yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidlayman”, — dedi davlat rahbari.