Toshkent shahri Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi Pyotr Karimovning O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimovaga nisbatan meros bo‘yicha da’vosini yopiq tarzda ko‘rib chiqadi. Bu haqda jurnalistlarga sud vakili ma’lum qildi.

Avvalroq sud majlislari jadvallari keltirilgan saytda Pyotr Karimovning Tatyana Karimovaga merosxo‘rlik huquqi to‘g‘risidagi da’vosi bo‘yicha birinchi instansiya sudining majlisi 26-iyun kuni bo‘lib o‘tishi haqida ma’lumot paydo bo‘lgandi.

“Da’vogar va javobgarning iltimosiga ko‘ra, ish yopiq tarzda ko‘rib chiqiladi”, — dedi sud vakili jarayon boshlanishidan oldin.

Unga ko‘ra, bugun Tatyana Karimovaning vakolatli vakilining sud majlisini keyinga qoldirish haqidagi arizasi ham qanoatlantirilgan. Yangi majlis sanasi keyinroq jadval.sud.uz saytida e’lon qilinadi.

Pyotr Karimov Islom Karimov va Natalya Kuchmaning turmushidan bo‘lgan o‘g‘li, hozirda Rossiyaning Moskva viloyatida yashaydi, deb yozadi OAV.

Islom Karimov 2016-yil 2-sentabrda vafot etgan. Uning Tatyana Karimova bilan turmushidan ikki qizi — Gulnora va Lola bor. Birinchi prezidentning rasmiy tarjimai holida uning 3 farzandi borligi aytiladi.