21-iyun kuni Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida 25 yoshli yigit janjal sababli tengdoshini o‘ldirdi, deb xabar bermoqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi.

Shu kuni soat 22:40 da Qo‘qon shahri shoshilinch yordam ko‘rsatish markaziga 1998-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan O.Z. o‘ng ko‘krak qafasi oldi tomoni teshib o‘tuvchi sanchilgan-kesilgan jarohatlari bilan vafot etgan holda olib kelingan.

Ma’lum bo‘lishicha, soat 21:00 atrofida O.Z. o‘rtoqlari bilan Dang‘ara tumanidagi “Marokash” nomli choyxonada o‘tirgan vaqtida 1998-yilda Qo‘qon shahrida tug‘ilgan Jo‘rayev Ulug‘bek Avazjon o‘g‘li bir nechta o‘rtoqlari bilan choyxonaga kelgan. Fuqaro O.Z.ni o‘zlari turgan joyga chaqirib, janjallashib, yonida bo‘lgan o‘tkir tig‘li jism (pichoq) bilan O.Z.ning o‘ng ko‘krak qafasiga urib, jarohati yetkazgan. Oqibatda O.Z. jarohat olib, hodisa joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Dang‘ara tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda gumondorni qidirib topish choralari ko‘rilmoqda.

“Siz Jo‘rayev Ulug‘bek Avazbek o‘g‘li haqida biror-bir ma’lumotga ega yoki uning noqonuniy harakatlaridan jabr ko‘rib, tazyiqiga uchragan bo‘lsangiz, darhol yaqin oradagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz so‘raladi. Shaxsingizni sir saqlanishi kafolatlanadi”, — deyiladi boshqarma xabarida.