20-iyun kuni O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Sardoba fojiasi haqidagi yangi tafsilotlarni oshkor qildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov.

Ta’kidlanishicha, Sardoba suv ombori to‘g‘oni yorilishiga asosiy sabab — uning qurilishi oxiriga yetmagani bo‘lgan.

“Birinchidan, Sardoba suv ombori qurilishi hali tugamagan edi. Lekin loyihasi qilingan paytda hududi aniq belgilangandi. Keyin eng katta masala, Sardoba suv omborida 27 mlrd so‘mlik o‘zgarishlarni nazorat qiluvchi (suv sizib chiqishlar haqida xabar beruvchi — tahr.) qurilmalar o‘rnatish rejasi bor edi. Ammo o‘sha loyihani moliyalash oxirigacha yetkazilmagandi. O‘sha loyiha moliyalashtirilganida suv chiqishni boshlashi bilan sirenalar chalinardi. Bu tizim hali oxiriga yetmagandi. Sardoba suv omborining eng katta fojialaridan bittasi — qurilish oxiriga yetmagandi”, — dedi vazir.

Hukumat vakilining aytishicha, suv omborida 300 mln kub metrgacha bo‘lgan jarayonni hammasi yakuniga yetkazilgan edi. “Asosiy komissiya ham, ishchi komissiya ham bo‘lmagan edi. Biz tezroq foyda bersin, xalq — jizzaxliklar, sirdaryoliklar qiynalgan, deb uni uch yil ichida to‘ldirib ishlatishni boshlagandik. Ammo geologiyasi pand berdi”, — deya qo‘shimcha qildi Xamrayev.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Sardoba fojiasidan so‘ng O‘zbekistondagi hamma suv omborlari nazoratdan o‘tkazilgan.

“Sardoba voqealari hammamizga katta dars bo‘ldi. O‘sha voqealardan keyin juda nufuzli komissiya tuzilib, hamma suv omborlarini yana bir marta elakdan o‘tkazdik: qayerda nima muammo, nima gap, deb. Hatto hozir qurilayotgan uchta suv omborimizning loyihalarini qayta qaysi tomonga o‘zgartirish (fikri tug‘ilgan — tahr.). Lekin baribir sovet davrida qurilgan gidrotexnik inshootlar, masalan, Andijon suv ombori mana, haligacha turibdi. Aytmoqchi bo‘lganim bu konstruksiyalar juda qimmatga qurilgan. Unga ketgan armaturalar, betonlar… Agar taqqoslasangiz juda qimmat”, — dedi Shavkat Xamrayev.

Vazirning ta’kidlashicha, fojia yuz bergandan so‘ng katta sig‘imdagi suvni saqlab qolishga muvaqqat bo‘lingan.

“Davlatimiz rahbari boshchiligida butun hukumat va ekspertlar to‘g‘onni yopish, suvni to‘xtatish masalalari bilan shug‘ullanganmiz. Foydali hajmi 300 mln kub metr bo‘lgan suvni saqlab qolganmiz. Shu foydali hajmni har yili ishlatishimiz uchun birinchi navbatda qanday ishlarni qilishimiz kerakligi bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar bor edi. Ular to‘liq bajarildi. Qozog‘iston tomoni bu jarayonda oxirigacha qatnashdi. Ikkita davlat vakillari chora-tadbirlarning to‘g‘riligi va to‘liq bajarilganligi bo‘yicha hujjatlar qildik”, — dedi u.

Shavkat Xamrayevning qayd etishicha, aslida suv omborining hajmi 922 mln kub metr bo‘lgan. “Avariya bo‘lgan paytdan boshlab hozirgacha shu 300 mln kub metr foydali xajmni ishlatib kelyapmiz. Bu yil ham 300 mln kub metr suvni to‘pladik va juda samarali foydalanyapmiz. Eng qizig‘i, suv sal ko‘paygan paytda to‘ldirib olamiz-da, yana ishlatamiz”, — dedi vazir.

Shavkat Xamrayev Sardoba suv omborining taqdiri bo‘yicha ham izoh berdi. Uning aytishicha, Sardoba suv omborini boshqarish “O‘zbekgidroenergo” balansiga o‘tkazilgan, juda tajribali mutaxassislar jalb qilingan va hozirda samarali ishlatilyapti.

“Sardoba suv ombori bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi va bir qancha variantlar ichidan eng samarali bo‘lgan bittasi tanlab olindi. Loyihaga ko‘ra, suv ombori 600 mln kub metr sig‘imgacha rekonstruksiya qilinadi. Fojia paytida suv birdaniga ketgan vaqtda juda ko‘p joylar o‘tirgan, tuproqning zichlik darajasi va boshqa narsalarga ancha ziyon yetgan. Shu sababli uni qayta tiklash masalasi turibdi. Buning uchun ancha yillar va ko‘p mablag‘ ketadi”, — dedi Xamrayev.

Uning qayd etishicha, 600 mln kub metrgacha ko‘tarish masalasi qaror bilan tasdiqlab qo‘yilgan. “Shu bo‘yicha harakatlar olib borilyapti. Bu jarayon albatta, Qozog‘iston tomoni roziligi va ishtirokida bo‘ladi. Bu haqda [qarorda] yozib qo‘yilgan”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Shavkat Xamrayev hozirgi paytda Sardoba suv ombori pastida qurilayotgan Karaman suv omboriga ham to‘xtalib o‘tdi.

“U Forish tumanining taxminan 27 ming gektar yangi yerlarida qurilyapti. Loyihada 20 ming gektar qilingan, lekin suv tejovchi texnologiyalar bilan 27 ming gektarga yaqin [maydon ajratildi]. Bunga juda ko‘p investorlar qiziqish bildiryapti. Karaman suv ombori Janubiy Mirzacho‘l kanalidan suv ichadi. Sardobaga ham Janubiy Mirzacho‘l kanalidan suv kirardi. Sardobaning yutug‘i shu ediki, [unga suv] o‘zi oqim bilan kirib, oqim bilan chiqardi. Undan pastroqda qurilayotgan Karaman suv ombori suvni 90 metrga nasos bilan ko‘taradi”, — dedi suv xo‘jaligi vaziri.