Toshkent viloyatining Chinoz tumanida fermer xo‘jaligiga qarashli g‘alladan bo‘shagan yer maydonida 11,6 gektar somonpoya qoldiqlari yoqib yuborildi. Ekologiya vazirligining ma’lum qilishicha, yong‘in oqibatida dala chegara qismiga qator qilib ekilgan 17 tup tut daraxti o‘sishdan to‘xtamaslik darajasida shikastlangan.

Bundan tashqari, yongan hududda tuproqdagi gumus va azotning yo‘qolib ketgani va tuproq unumdorligiga 24 mln 692 ming 896 so‘m, o‘simlik dunyosiga esa 16 mln 830 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlandi.

Fermer xo‘jaligi rahbari somonpoya qoldiqlarining yoqilishi bo‘yicha voqea joyida yozma ravishda tushuntirish hati berdi.

Huquqbuzar:

  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 88-moddasi 3-qismi bilan (Dala va aholi punktlarida ang‘iz, xazon va shox-shabbalarni yoki o‘simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish, atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirishga olib kelish) BHMning 10 barobarigacha jarima (3,3 million so‘m ma’muriy jarimalar);
  • “Boshoqli don ekinlari somonining yoqib yuborilishi natijasida yetkaziladigan zararni aniqlash va ushbu holatlarni sodir yetgan yuridik va jismoniy shaxslarga nisbatan jarimalar qo‘llash bo‘yicha NIZOM”;
  • Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-sonli qarori 4-ilovasiga asosan yetkazilgan zararlarni to‘laydigan bo‘ldi.

Ayni damda yong‘in sodir bo‘lgan hududda qo‘shimcha ravishda o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.

Vazirlik g‘alla yig‘im-terimidan so‘ng somonpoya qoldiqlarini yoqmaslikka chaqirdi.

Keltirilishicha, somonpoya qoldiqlarini yoqish natijasida atmosferaga uglerod oksidi, azot oksidi, azot ikki oksidi, oltingugurt oksidi kabi inson sog‘ligi uchun zararli bo‘lgan zaharli moddalar ajralib chiqadi. Qolaversa, somon poyalari va ularning qoldiqlari yoqilgan hududlarda yer unumdorligi keskin pasayadi, tuproq strukturasi buziladi. Yong‘in natijasidagi yuqori harorat tufayli makro va mikro elementlarning yo‘q bo‘lib ketishi oqibatida esa ekin yerlarining ball boniteti (tuproq unumdorligi) tushib ketadi.

Somonpoyalar va ularning qoldiqlari yoqilishiga sabab bo‘lgan huquqbuzarlarga va yer egalariga bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha (3,3 million so‘m) bo‘lgan miqdorda ma’muriy jarimalar qo‘llaniladi.