22-iyun kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisida suv resurslarining tanqisligi va uni isrof qilinishini oldini olishga qaratilgan choralar yuzasidan fikrlar bildirildi.

Bu muammo haqida senator Boriy Alixonov so‘zga chiqdi. Senator nutqi davomida suvdan foydalanishdagi muammolar, sohadagi kamchiliklarni sanab o‘tdi.

U tegishli idoralarni jalb qilgan holda kompleks tadbirlarni amalga oshirish zarurati borligini ta’kidladi. Bunda birinchi bosqichda:

  • An’anaviy sug‘orish usulidan voz kechib, tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘tish;
  • iqlim o‘zgarishlarini inobatga olgan holda nisbatan kam suv talab qiladigan mahsulotlarini yetishtirish
  • suvdan foydalanish bo‘yicha yangi vosita va texnologik yechimlarni topishga qaratilgan izlanishlarni kengaytirish;
  • suv taqchilligi sharoitida aholini suvdan oqilona foydalanishga o‘rgatish, shunga oid targ‘ibotlarni ko‘paytirish;
  • hududlar kesimida yer osti suvlarini tahliliy aniqlash hamda muqobil suv manbalarini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning zaxiralarini prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish;
  • sohadagi qonun va qonunosti hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish, iqtisodiyot tarmoqlarida suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashni rag‘batlantirish choralarini ko‘rish;
  • ishlab chiqarish, sanoat va kommunal obyektlarda birlamchi mexanik va biokimyoviy lokal oqava suvlarini tozalash inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish;
  • ichimlik suvidan foydalanish yuzasidan nazoratni kuchaytirish, bunda maishiy-texnik ehtiyojlar uchun alohida suv tarmoqlarini joriy qilish;
  • yer osti suv manbalari holatini muntazam nazorat qilish hamda ulardagi sifat va miqdor o‘zgarishlari haqida mahalliy davlat organlariga ma’lumotlar berilishi masalalariga alohida e’tibor berish.

Ikkinchi bosqichda esa iqlim o‘zgarishi va suv resurslarini kamayib borayotganini, yerlarning meliorativ holatini inobatga olgan holda mamlakatda 2030-yilgacha umuman, ya’ni yer osti va yer usti suvlaridan foydalanish prognozini va uning asosida suv resurslarini boshqarishning strategiyasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva suvni tejash va ratsional ishlatishni o‘rganish zarurligini ta’kidladi.

“Kundalik hayotimizda suvni behuda, maqsadsiz isrof qilish holatlariga ko‘p duch kelmoqdamiz. Oxirgi paytlarda suv bilan bog‘liq tizimli muammolar haqida jamoatchilik bong urmoqda. Turli tanqidiy-tahliliy chiqishlar, asosli mulohazalar bildirilmoqda. Biroq mas’ullar jim. Suvdan ratsional foydalanishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni ko‘rmayapmiz”, — deydi rais.

“Dunyoning ko‘plab taraqqiy etgan davlatlarida ham ularda turmush darajasi qanchalik yuqori bo‘lmasin, suvni asrab-avaylashga nihoyatda jiddiy e’tibor qaratiladi, turli innovatsiyalar joriy etilgan. Bizda esa oddiy kundalik ro‘zg‘or darajasidan tortib, yirik davlat tashkilotlarigacha suvdan oqilona foydalanish madaniyati hali to‘liq shakllanmagan. Ayniqsa, katta shaharlarimizda suvni isrof qilish, tejamaslik holatlari ko‘proq ko‘zga tashlanadi”, — dedi Tanzila Narbayeva.

Senat raisi bunday holatlarga chek qo‘yish maqsadida ishni eng quyidan, ya’ni oilalar va mahallalardan boshlash zarurligini ta’kidladi. Bu borada mutasaddi tuzilmalar, fuqarolar yig‘inlari mas’ullari mas’uliyatni jiddiy oshirishlari, odamlarga tushuntirishlari zarur.

Rais mahalliy kengashlarga muntazam ravishda o‘z hududlarida suvdan oqilona foydalanish masalasini mas’ullardan so‘rab turishlarini ta’kidladi.

“Sizlarga topshiriq bo‘lishi kerakmas, sizlar o‘zingiz bizni qiynayotgan qanday masalalar bor hayotda, shundan kelib chiqib masalalarni hudud darajasida o‘rganish va choralarni ko‘rishingiz so‘raladi sizlardan. Sizlarga aytilsa qilasizlar, bo‘lmasa yo‘q. Ko‘pchiligingiz o‘rganib ham qoldingiz, faqat topshiriq bo‘lsa qilasizlar, unday bo‘lmaydi. Mahalliy kengash o‘zini o‘zi boshqaradigan, ularga topshiriq berilmaydi, xalqni qiynayotgan masalalarda ijobiy yondashishingizni so‘rab qolamiz”, — dedi Tanzila Narbayeva.

Senat raisi yuqorida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan 2−3 oyda kompleks chora talablarni ishlab chiqishni ma’lum qildi. Bundan tashqari, Suv muammolari institutini qayta tiklash taklif qilindi.