Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni nafaqat narkologiya muassasalarining, oila a’zolarining (qarindoshlarining) iltimosnomalariga asosan, balki ichki ishlar organlarining tashabbusiga ko‘ra ham rasmiylashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Shu munosabat bilan mazkur qonunga ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni rasmiylashtirish vakolati berilishini, shuningdek, mazkur materiallarni tayyorlash tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Yana bir kiritilayotgan qo‘shimchalardan biri fuqarolarning narkologik tekshiruvdan o‘tkazilishini, maslahat berilishini, tashxis qo‘yilishini, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning ambulatoriya va statsionar sharoitlarda davolanishini hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilinishini davlat kafolatlashi belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zaruriyatini aniqlash bilan bog‘liq barcha klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserining o‘zida, zarur hollarda esa tegishli mutaxassislar mavjud bo‘lgan boshqa tibbiyot muassasalarida ham o‘tkazilishi haqidagi norma kiritilmoqda.

“Giyohvandlik nafaqat insonning jismoniy, ruhiy salomatligini izdan chiqaradi, balki uning oilasiga, yon atrofiga, jamiyatga zararli ta’sir ko‘rsatadi, turli ijtimoiy muammolarga sabab bo‘ladi. Shu xususida gap borayotgan ekan, biz senatorlar, barcha mas’ul vazirlik, idoralar, jamoat tashkilotlari e’tiborini jamiyatimizda giyohvandlikning oldini olishga, bunda mas’uliyatni yanada kuchaytirishga, bunday illat tarqalishiga imkon berayotgan sharoit va omillarni bartaraf etishga qaratish zarurligini alohida qayd etib o‘tmoqchimiz”, — dedi Tanzila Narbayeva.

“Tizimli yondashuv nuqtai nazaridan qaraganda, bu borada ta’lim muassasalarining mas’uliyati katta. Giyohvandlik illati va uning salbiy oqibatlari haqidagi tafakkur ta’lim-tarbiya jarayoniga uyg‘un holda o‘quvchilar ongiga singdirilishi lozim. Bu bo‘yicha an’anaviy yig‘ilish, ma’ruzalar bilan cheklanmay yangicha, bolalar psixologiyasi va ularning bugungi fikrlashiga mos bo‘lgan zamonaviy uslublardan samarali foydalanish zarur. Ta’lim sohasiga mas’ul vazirliklardan ushbu masalaga alohida e’tibor qaratish talab etiladi”, — dedi Senat raisi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.