20-iyun kuni Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani bo‘limi boshlig‘i B.G‘. xizmat avtotransport vositasida yo‘l-transport hodisasiga uchradi, deb xabar bermoqda departament matbuot xizmati.

Soat 16:10 atrofida tumanning Qorashina shaharchasi Termiz-Toshkent xalqaro yo‘lida bo‘lim boshlig‘i B.G‘. o‘ziga biriktirilgan Nexia-3 xizmat avtotransport vositasida harakatlanib kelayotgan bo‘lgan.

Shu vaqtda mashina qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan fuqaro Sh. F. boshqaruvidagi Cobalt bilan to‘qnashib ketgan. Shuningdek, orqa tomondan harakatlanib kelayotgan fuqaro U.Yo. boshqaruvidagi Spark ham B.G‘. boshqaruvidagi Nexia-3`ga kelib urilgan.

Departamentning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, bo‘lim boshlig‘i va Cobalt haydovchisi yengil jarohatlar bilan shifoxonaga olib ketilgan. Spark haydovchisiga jarohat yetmagan.

Holat yuzasidan tegishli sud tibbiyot ekspertizalari hamda departament xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlanib, viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.