20-iyun kuni “Mushtum” jurnalining Telegram kanalida Surxondaryo viloyati Bandixon tumani prokurori Soatmurod Maxmanovga tegishli ekani aytilayotgan audio tarqaldi. Kanalda audioyozuvga izoh sifatida qayd etilishicha, prokuror tumandagi MFY raislariga ularning xizmat vazifalariga, vakolatlariga kirmaydigan — aholidan soliq to‘lovlarini undirish vazifasini yuklab, so‘roqqa tutib, do‘q-po‘pisa va haqorat qilib, kamsitgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan mazkur audioda tuman prokurori oldidagi odamlarni uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilib, so‘kingani aks etgan.

“Sen kecha nima va’da bergan eding, it? Nima va’da bergan eding deyapman? Qani puling, ber buyoqqa. Qancha bor? 2 mln so‘m tushirgansan? Nimani va’da berganding, kechagi pulni ko‘tarib kelyapsan. Erkakmisan senlar ey? Xotinchalish. Erkakmisan sen ham? Itdan tarqagan ekansan-ku. Odamdan tarqaganingda odamning ishini qilarding. Bor, itning ishini qil, vovullab o‘tir ko‘chada. Tur yo‘qol, iflos”, — deyiladi audioda.

Boshqa bir odamga esa “to‘rtta odamini yig‘a olmasa, arizasini yozib, yo‘qolishini” aytarkan, “Yo‘q, men tushunmayapman-da, bu tizim. Siz … yeb o‘tiribsizmi, enangizniki bormi bu yerda?!” degan prokuror ekani aytilayotgan shaxs.

Salkam to‘qqiz daqiqalik audioda u qarshisidagi odamlardan pul talab qilgani va buning uchun uyatli so‘zlarni aytganini tinglash mumkin.

“Bandixon qani? Qani, e og‘ayni, pul? Enangnikiga tiqib qo‘y u 3 millionni. Kecha gapirgan gaping qani bu yerda? Bor joyiga qo‘yib kel, maraz, itdan tarqagan! Sarvar qani? Qani kecha aytgan pulim? Ey iflos, kecha kechqurun aytgan pulim qani deyapman men senga? Qani deyapman men senga?” — degan u.

Audioda ushbu shaxsning ayollarga ham qo‘pol muomala qilgani, ularga ishdan bo‘shashini aytgani ham yozilgan.

“Obod turmush qani? Ha opa, 500 ming so‘m tushgan. Qani? Boring, arizangizni yozingda yo‘qoling, … bormi sizga bu yerda ishlab, davlatni, jamiyatni harom qilib. Arizani yozing-da, yo‘qoling. Uyalmay kelasiz yana bu yerga. Oling arizasini, nima qilasiz ishlatib? Dushman-ku, bu”, — degan u.

Audio bo‘yicha Surxondaryo viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirarkan, tarmoqlarda tarqalayotgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, haqorat qilganlik — shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Jumladan, Jinoyat kodeksining 140-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdori (330 ming so‘m)ning 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.