Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatmayotgan korxona va tashkilotlarning umumiy korxonalar sonidagi ulushi 1-iyun holatiga 27 foizni tashkil etdi. Ro‘yxatdan o‘tgan kichik tadbirkorlik subyektlarining esa 30 foizi ishlamayapti.

2022-yil ma’lumotlariga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan korxona va tashkilotlarning 6 foizi, kichik biznesda ro‘yxatdan o‘tgan korxonalarning esa 7 foizi ishlamayotgandi.

Agentlik bergan izohga ko‘ra, faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar sonining ortishi yil boshida ko‘p kichik korxonalar ochilishi, keyinchalik esa faoliyati yaxshi natija bermasa, tugatilishi mumkinligi bilan bog‘liq.

Ma’lumot o‘rnida, iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev Qonunchilik palatasi oldidagi hisobotida 2022-yilda 90,2 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, legal faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar soni keskin ko‘payganini qayd etgandi.

Faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalar ulushi ortayotgani qaramay, yilning dastlabki 5 oyida sanoat ishlab chiqarishining fizik hajmi 5,7 foizga, chakana savdo tovar aylanmasi 7,2 foizga, qurilish ishlari hajmi 4,7 foizga, bozor xizmatlari hajmi esa 12,6 foizga o‘sgan.

Shuningdek, iste’mol narxlari indeksi o‘tgan yilning dekabr oyiga nisbatan 3,8 foizga oshgan. Mamlakat tashqi savdo aylanmasi o‘sishi esa 25,4 foizni tashkil etgan. Bunda eksport 24,1 foiz, import 26,4 foizga oshgan.