2023-yilda oliy ta’lim muassasalariga kirish kvotalari oshirildi. Bu haqda AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departamenti boshlig‘i Abduvali Xoliqov ma’lum qildi.

Bu yildan boshlab to‘lov-kontrakt asosidagi ko‘rsatkichlar akademik moliyaviy mustaqillik berilgan OTMlar kuzatuv kengashlarining qarorlari bilan, moliyaviy mustaqillik berilmagan OTMlar o‘zining vasiylik kengashining qarori va Moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanadi.

Joriy o‘quv yilida OTMlarga o‘qishga qabul qilishda jami 206 857 nafar (43 783 ta grant, 163074 ta to‘lov-kontrakt o‘rni) talaba uchun o‘rin ajratiladi. Shundan:

  • bakalavriat uchun kunuduzgi ta’lim shakliga — 126 714 nafar (34 860 ta grant, 91 854 ta kontrakt);
  • sirtqi ta’lim shakliga — 49 063 nafar (to‘liq kontrakt);
  • kechki ta’lim shakliga — 11 125 nafar (kontrakt);
  • masofaviy ta’lim shakliga — 2825 nafar (kontrakt);
  • magistrlar tayyorlash bo‘yicha — 17130 nafar (8923 ta grant, 8207 ta kontrakt) o‘rin belgilangan.

Respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy OTM va ularning filiallari hamda nodavlat OTMlarda kadrlash tayyorlash uchun 1000 ta davlat granti ajratiladi.

“O‘tgan yilga nisbatan kontrakt kvotalari miqdori 1 foizga, grant 10 foizga oshgan. Bu yil 10 foiz ko‘proq yoshlarning grant asosida o‘qishiga imkoniyat yaratilyapti. Bu ham yoshlarga qo‘shimcha berilgan imkoniyat”, — deya ta’kidladi Abduvali Xoliqov.

Shuningdek,

  • Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasi mavjud oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha qo‘shimcha 2000 ta davlat granti;
  • respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash uchun 1000 ta davlat granti;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun umumiy qabuldan 2% li;
  • harbiy tavsiyanomalilar uchun qo‘shimcha kvota;
  • Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun umumiy qabuldan 1% li;
  • harbiylarning farzandlari uchun davlat grantidan 2% li;
  • IIO xodimlari farzandlari uchun davlat grantidan 5% li;
  • bojxona xodimlari farzandlari uchun davlat grantidan 2% li qo‘shimcha grant o‘rinlari ajratildi.