Yengil atletikachi, O‘zbekiston ProRun yuguruvchilar jamiyati asoschisi Andrey Kulikov Orol dengizining qurigan tubi bo‘ylab 42 km 195 m masofani bosib o‘tdi. Buning uchun unga 4 soat 9 daqiqa 53 soniya kerak bo‘ldi.

O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan 17-iyun — Butunjahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni munosabati bilan tashkil etilgan Aral Eco marathon jonli efirda namoyish etildi.

Musobaqadan ko‘zlangan asosiy maqsad jahon hamjamiyatining e’tiborini ushbu mintaqaning ekologik muammolariga qaratish va barchani sayyoramizni saqlab qolish uchun faol qadamlar tashlashga undashdir, deya ma’lum qildi Ekologiya vazirligi.

“Orol dengizi ekologik fojiasi, qurg‘oqchilik va cho‘llanishning halokatli ko‘lamini chinakam, chinakam his qilish uchun bu yerga tashrif buyurish kerak, — dedi Andrey Kulikov.

Marafonni tugatgandan so‘ng, u poyga oson bo‘lmagani, butun marafon davomida shamol bo‘lgani, ammo keyingi yil ham xuddi shunday masofani yugurishni xohlayotganini aytdi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov mintaqadagi ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida 2018−2022-yillarda 1,6 mln gektar maydonga turli daraxt ko‘chatlari ekilganini ta’kidladi.

2023-yilda Mo‘ynoq tumanida 128 ming gektar maydonda yashil plantatsiyalar barpo etildi. Bundan tashqari, har yili kamida 100 gektar maydonga saksovul ekiladi.

500 gektar maydonda tuproq-iqlim sharoitiga mos daraxt va buta turlaridan ko‘chatxonalar barpo etildi.

Joriy yilda viloyatda “yashil belbog‘lar” tashkil etilib, Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahri atrofida 5 kilometr masofaga 3590 tup, Urganch shahri atrofi va Urganch-Gurlan avtomobil yo‘li bo‘ylab yana 2500 tup ko‘chat ekildi.

Marafon videosi