Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida daraxtlarni kesish bilan bog‘liq huquqbuzarlik aniqlandi, deb xabar bermoqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.

Viloyat Ekologiya boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan. Natijada tuman hududidan o‘tuvchi Toshkent — Samarqand M-39-avtomagistral yo‘li yoqasida yashil belbog‘ (ixota) shaklida ekilgan qariyb 50−55 yillik 9 tup qayrag‘och daraxti kesib tashlangani aniqlangan.

Shuningdek, huquqbuzarlik oqibatida tabiatga 744 mln 642 ming so‘m zarar keltirilgani ma’lum bo‘ldi. Daliliy ashyolar va tegishli hujjatlar to‘planib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.

Bosh prokuratura matbuot kotibining ma’lum qilishicha, holat prokuratura tomonidan tekshirilmoqda.