O‘zbekistonning 47 ta “sharoiti og‘ir” bo‘lgan tumanida tadbirkorlar uchun mol-mulk va yer solig‘i stavkalarini pasaytirish, foydalanilmayotgan obyektlar egalariga nisbatan mol-mulk va yer solig‘ining oshirilgan stavkalari qo‘llanilishini bekor qilish rejalashtirilmoqda. Mazkur o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Qonun loyihasida, shuningdek,

  • davlat organlariga, muassasa va tashkilotlariga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratilgan va ular tomonidan boshqa tashkilotlarga ijaraga berilgan yerlarni soliqqa tortish tartibini takomillashtirish;
  • yerlardan kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanilganda uy-joy egalari uchun uch karra oshirilgan stavkada yer solig‘ini hisoblash tartibi qo‘llanishini to‘xtatib turish;
  • elektrotexnika tarmoq korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlarini qo‘llab-quvvatlash orqali innovatsion texnologiyalar joriy etilishini rag‘batlantirish ko‘zda tutilmoqda.

Avvalroq prezident qarori bilan jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan qarzga hisoblangan penya summalari, oxirgi 6 oyda ishlamayotgan YATTlarning jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va ijtimoiy soliqdan qarzi hamda ularga hisoblangan penya va jarima summasi hisobdan chiqarilishi xabar qilingandi.