20-iyun, seshanba kuni maktablarda 2023/2024 o‘quv yili uchun birinchi sinfga qabul boshlandi, deya xabar bermoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati.

Soat 12:00 dan boshlab 43 ta shahar va tuman-shaharda (ro‘yxat) yashovchi bolalarning ota-onalari my.maktab.uz elektron platformasi orqali murojaat qilishlari mumkin. Boshqa viloyatlarda qabul maktablarning o‘zida amalga oshirilmoqda.

Qabul 2 bosqichda — 20-iyundan 31-iyulgacha maktablar biriktirilgan mikro-hududlar doirasida, 1-avgustdan 15-avgustgacha mikrohududlardan tashqaridagi amalga oshiriladi.

2023/2024 o‘quv yilida 730 mingdan ortiq bolani birinchi sinfga qabul qilish rejalashtirilgan.

Vazirlikning eslatishicha, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq bolalar 7 yoshga to‘lganida maktabga qabul qilinadi. Ya’ni bu yil 2016-yil 1-yanvardan 31-dekabrgacha tug‘ilgan bolalar birinchi sinfga qabul qilinadi.