1-iyuldan Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantiriladi. Bu prezidentning aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha qarorida keltirib o‘tilgan.

Ushbu markaz ixtisslashtirilgan psixiatrik, tibbiy-psixologik va narkologik yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi, ushbu yo‘nalishlarda yuqori texnologik moddiy baza va ilmiy maktabni shakllantiradi.

Ruhiy salomatlikni ta’minlash yo‘nalishidagi ishlarni sog‘liqni saqlashning barcha darajalarida muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.

Hududlardagi ruhiy va narkologiya kasalliklari shifoxonalari va dispanserlari Markazning hududiy tashkiliy-metodik bo‘linmalari hisoblanadi.

Markaz, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalari tibbiyot oliy, professional va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari uchun asosiy klinik baza sifatida faoliyat yuritadi.

Ma’lumot uchun, Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi 2019-yil oktabr oyida tashkil etilgan.

Prezident qarorida, shuningdek, 2023-yil 1-avgustdan boshlab:

  • tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazining tuman (shahar) bo‘linmalari shtatlarini qisqartirish hisobidan — tibbiy psixolog;
  • statsionar o‘ringa ega bo‘lmagan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va tarkibida dispanser mavjud bo‘lgan ruhiy kasalliklar shifoxonalarida — suitsidolog;
  • statsionar o‘ringa ega bo‘lgan ruhiy-asab kasalliklari dispanserlari va ruhiy kasalliklar shifoxonalarida — amaldagi shtatlar doirasida qabul bo‘limi shifokori, navbatchi psixiatr, tibbiy psixolog yoki psixoterapevt shtatlari joriy etiladi.

Avvalroq O‘zbekistonning barcha hududlarida mast holatda bo‘lgan shaxslarga kamida 10 o‘rinli tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari tashkil etilishi xabar qilingandi. Shuningdek, ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalinganlarni majburiy davolashga yuborish huquqi berilgan.