Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari davlat bayrog‘idan foydalanish bo‘yicha qonunga qo‘shimchalar kiritish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqdi. Quyi palata xabariga ko‘ra, loyiha birinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Loyihada davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va o‘zga ommaviy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda ham foydalanishga ruxsat berish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat ramziga zarur hurmat bilan muomala qilgan holda undan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkinligi belgilanmoqda.

Deputatlar loyihada davlat organlarining ramzlarida (bayroq, geraldik belgi) va ularning rasmiy veb-saytlarida davlat bayrog‘ining tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishga huquqiy asos o‘rnatishni taklif qilgan. Davlat bayrog‘i tasvirini ustki kiyimga bezatish maqsadida aks ettirish imkoniyatini yaratish nazarda tutilgan.

Davlat bayrog‘i va uning tasviri tushirilgan belgilardan quyidagi hollarda — O‘zbekiston Respublikasi vakili bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rasmiy xalqaro tadbirlarda foydalanishda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslar tomonidan kiyim-kechak va farqlovchi nishonlarda qo‘llashda hamda xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlashda foydalanishga ruxsat berish belgilanmoqda.

Shu bilan birga, davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘linishiga yo‘l qo‘yilmaydigan hollar aniq belgilab berilmoqda.