AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 18−19-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan Xitoyda bo‘ldi va Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashdi. Muzokaralar davomida tomonlar Ukrainadagi urush, AQSh-Xitoy munosabatlari, Shinjon, Tibet va Gonkongdagi inson huquqlari buzilishi va Tayvan masalasida muzokara olib bordi, deb xabar berdi CNN.

Entoni Blinkenning tashrifi so‘nggi besh yil ichida Xitoyga AQSh davlat kotibi darajasidagi amaldorning birinchi kelishi hisoblanadi. Blinken uchrashuvdan so‘ng tomonlar AQSh-Xitoy munosabatlarini qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yaxshi natijaga erishganini va ikki tomonlama munosabatlarni barqarorlashtirish zarurligi bo‘yicha kelishib olganini ma’lum qildi. Shuningdek, u mamlakatlar o‘rtasida haligacha hal qilinmagan asosiy muammolar borligini aytib, kelajakda o‘zaro aloqalar yaxshi bo‘lishiga umid qilishini ta’kidladi.

Ikkala tomon ham o‘zaro munosabatlar beqarorlik nuqtasida ekanini qayd etib, uni barqarorlashtirish uchun harakat qilish zarur ekanini e’tirof etgan.

“Men Pekinga yuqori darajadagi aloqa kanallarini mustahkamlash, kelishmovchiliklar bo‘lgan sohalarda o‘z pozitsiyamiz va niyatlarimizni aniq bayon qilish hamda manfaatlarimiz bo‘yicha hamkorlik qilish, umumiy transmilliy muammolarni hal qilishimiz mumkin bo‘lgan sohalarni o‘rganish uchun keldim va biz bularning barchasini bajardik”, — dedi Blinken.

Blinkenning aytishicha, Xitoy AQSh va boshqa mamlakatlarni Rossiyaga halokatli qurollar yetkazib bermasligiga ishontirgan. Davlat kotibi AQShda bunga zid keluvchi hech qanday dalil yo‘qligini aytib, bu va’da Xitoyning so‘nggi haftalarda takrorlangan bayonotlariga mos kelishini ta’kidladi.

“Ammo bizni xavotirga solayotgan narsa bu Xitoy firmalari va kompaniyalari Rossiyaga Ukrainadagi tajovuzkorligini kuchaytirishi uchun foydalanadigan texnologiyani yetkazib berishi mumkinligi hisoblanadi. Va biz Xitoy hukumatidan bu borada juda hushyor bo‘lishni so‘radik”, — deya qo‘shimcha qildi Blinken.

Blinken muzokaralarda, shuningdek, inson huquqlari, jumladan, Shinjon, Tibet va Gonkongdagi inson huquqlari buzilishi mavzusini ko‘targanini aytdi.

Xitoy tomoni esa muzokaralarda Tayvan mamlakatning “asosiy qiziqishlaridan” biri ekanini va bu borada “murosaga yoki orqaga chekinishga o‘rin yo‘qligini” ta’kidlagan. Entoni Blinken o‘z navbatida Tayvan masalasida AQShning pozitsiyasi o‘zgarmaganini qayd etgan.