Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “O‘rta Osiyo trans” aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalidagi 51 foiz davlat aksiya paketini 65 mlrd so‘mga Hyper Partners MCHJ xususiy korxonasiga sotish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.

Sotuv jarayonida Merritz yuridik firmasi boshchiligidagi kompaniyalar konsorsiumi xususiylashtirish bo‘yicha konsultantlik qilgan. Konsultant va Davaktiv agentligi tomonidan xususiylashtirish jarayoni doirasida investitsiya tizerlari konsultantning investorlar tarmog‘i orqali turli xorijiy investorlarga (investor sounding) yuborilgan.

Xorijiy va mahalliy investorlardan aksiyalar paketini sotib olish bo‘yicha 3 ta majburiyatga ega bo‘lmagan takliflar kelib tushgan. Konsultantning tavsiyasiga asosan 2 ta talabgorlar xususiylashtirish jarayonining keyingi majburiyatga ega bo‘lgan takliflar qabul qilish bosqichiga o‘tkazilgan.

Korxonaning baholangan qiymatidan yuqoriligi bo‘yicha eng yaxshi xarid qiymatini taqdim etgan Hyper Partners MCHJ XK savdo natijalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan.

Qayd etilishicha, Hyper Partners MCHJ xususiy korxonasi va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek, yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagani to‘g‘risida tegishli xulosa taqdim etilgan.

Hyper Partners MCHJ tomonidan kelgusida korxonaning faoliyatini saqlash, shu bilan birga, Yevropa, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari orqali harakatlanuvchi transport logistika faoliyatini tashkil etish, rivojlantirish va kengaytirish, jamiyatga tegishli yer maydonida yangi zamonaviy bojxona terminali hamda ko‘p qavatli avtoturargoh qurish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, “O‘rta Osiyo Trans” transport korxonasi 1992-yilda tashkil etilgan, keyinchalik 1995-yilda davlat aksiyadorlik kompaniyasi va 1998-yilda “O‘rta Osiyo Trans” AJ sifatida qayta tashkil etilgan. Korxona yuk avtomobillari bilan eksport-import, tranzit va respublika ichidagi yuklarni (asosan paxtadan tayyor mahsulotlar, oziq ovqat, uskunalar, qurilish materiallari, qog‘oz, tekstil va trikotaj mahsulotlari va hokazo) tashishni tashkil etish ishlarini amalga oshiradi. Ustav kapitali 1,484 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Korxonadagi 51 foiz ulush davlatga tegishli bo‘lib, qolgan 49 foiz ulush jismoniy va boshqa yuridik shaxslarga tegishli hisoblanadi. Korxonani sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishgan Hyper Partners MCHJning 100 ulushi Hyper Partners GMBH kompaniyasiga tegishli.

Eslatib o‘tamiz, Hyper Partners GMBH Tashkent City 3-lotining asosiy investori hisoblanadi. Britaniyaning Open Democracy nashri 2019-yilda o‘tkazgan izlanishlarida mazkur kompaniyaning (Ditsenbaxda 2018-yil 22-yanvarda ro‘yxatga olingan) yagona egasi 19 yoshda ekanini aniqlagandi. O‘shanda O‘zbekiston vazirliklari vakillari va Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Tashkent City loyihasidagi yosh xorij kompaniyalari ishtiroki borasida izoh berar ekan, bu dunyo amaliyotida odatiy holat ekanini ta’kidlagan.