Eron O‘zbekistonga savdo va transport sohasini rivojlantirish uchun Turkmaniston va Afg‘oniston orqali dengizga chiqish imkoniyatini taqdim etishga tayyor. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev bilan 18-iyun kuni Tehronda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Eronning oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy ma’lum qildi, deya xabar berdi IRNA agentligi.

Oyatulloh Ali Xomanaiy “Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi misli ko‘rilmagan tarixiy, madaniy va ilmiy aloqalarni” ta’kidlab, ushbu umumiy asoslardan turli sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash uchun foydalanish kerakligini ta’kidladi.

o‘zbekистон-eron

Foto: khamenei.ir.

Eronning oliy diniy rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yillar davomida juda cheklangan bo‘lganidan afsusda ekanini bildirdi. “Umid qilamizki, ushbu tashrif va Tehronda bo‘lib o‘tgan muzokaralar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning kelajagini yaxshilaydi”, — dedi u.

Oyatulloh Ali Xomanaiy hamkorlik “savdo va transportdan tashqariga chiqishi” mumkinligini ta’kidladi: “Biz ilm-fan, texnologiya va boshqa sohalardagi turli tashabbuslar orqali hamkorlik qilishimiz mumkin”.

Oliy diniy yetakchi eron-o‘zbek munosabatlarining kengayishida “ba’zi raqiblar” bor bo‘lsa-da, qarorlar “bunday noroziliklarni hisobga olmagan holda” har ikki mamlakat manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilinishi kerakligini ta’kidladi.

o‘zbekистон-eron

Foto: khamenei.ir.

Shavkat Mirziyoyev uchrashuvni “tarixiy” deb atadi, shuningdek, “ikki tomonlama munosabatlarning uzilishi va hamkorlikning qisqarishidan umid qilmayotganini” ta’kidladi.

O‘zbekiston rahbari Tehrondagi muzokaralar orqali tomonlar savdo, transport, ilm-fan, texnika va turizm sohalarida muhim qadamlar qo‘yib, hamkorlikni yuqori darajaga ko‘tarishlariga umid bildirdi.

IRNA xabariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev ham “Eron xalqining AQSh sanksiyalariga qarshi chidamliligini yuqori baholagan”.

“Eron xalqining, ayniqsa, ilm-fan va texnika sohasidagi yutuqlari shuni ko‘rsatadiki, millat o‘z rahbarining dono boshqaruvi ostida va birlik sharoitida barcha qiyinchiliklarga qaramay buyuk maqsadlarga erishishi mumkin”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyevning tashrifi arafasida Tehronda biznes-forum bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekistondan 50 dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi.

18-iyun kuni Toshkentda Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi (IHITT) ham ochildi, u bir vaqtning o‘zida Eron fan va texnologiyalar bo‘yicha vitse-prezidentining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bo‘ladi. IHITT Eron kompaniyalarining innovatsion texnologiyalari, mahsulotlari va xizmatlarining doimiy ko‘rgazmasini tashkil etadi. Uning yaratilishiga taxminan 4 mln AQSh dollari sarmoya kiritildi.

Shavkat Mirziyoyev 2021-yil aprel oyida Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javad Zarif bilan uchrashuvda O‘zbekiston Eron dengiz portlari va “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon”transport yo‘lagini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagandi.