O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tehronga rasmiy tashrifi doirasida yakshanba kuni Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiy bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni, xususan, savdo, innovatsiyalar va yuqori texnologiyalar, sarmoya, sanoat kooperatsiyasi, transport-kommunikatsiya, turizm va madaniy-gumanitar almashinuvlar sohalarida rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Ikki xalqning ko‘p asrlar davomida erishgan madaniy-tarixiy mushtarakligi alohida ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi, deyiladi xabarda.
Avvalroq O‘zbekiston va Eron prezidentlari o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha 15 dan ortiq hujjat imzolangani xabar qilingandi.

Shavkat Mirziyoyev Ibrohim Raisiy hamrohligida Tehrondagi innovatsiyalar va texnologiyalarning ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasiga ham tashrif buyurdi.

шавкат мирзиёев, эрон, Oyatulloh Sayyid Ali Xomanaiy

Ko‘rgazmada yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, mashinasozlik, tibbiy asbob-uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari, zamonaviy qurilish materiallari va to‘qimachilik sanoati sohasidagi ilmiy-ishlab chiqarish kompaniyalari mahsulotlari namoyish etildi.

Shavkat Mirziyoyev mas’ullarga yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etish, O‘zbekistonda Eron texnologiyalari va innovatsion yechimlarini joriy etish bo‘yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Ta’kidlash joizki, tashrif arafasida Toshkentda Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi (EITU) filiali ochilgandi.