O‘zbekiston bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etayotgan birinchi g‘arb banki sifatida OTP Bank, mamlakatning beshinchi yirik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi muassasasi — “Ipoteka-bank”ning asosiy aksiyadoriga aylandi.

15-iyun kuni bankni sotib olishning birinchi bosqichi yakunlandi, OTP Bank “Ipoteka-bank”ning O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli aksiyalardan 75 foizini sotib oldi, qolgan 25 foizi 3 yillik muddatda xarid qilinadi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida OTP guruhi o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan birinchi davlat bo‘lib, o‘zbek bank bozoriga kirish guruh tarixida yangi sahifa ochadi. “Ipoteka-bank” aktivlari bo‘yicha bank bozorining 7,6 foiz ulushiga hamda 1,5 millionga yaqin chakana mijozlarga ega. Ushbu (egalik huquqini o‘tkazish bilan bog‘liq) bitim “Ipoteka-bank” mijozlaridan hech qanday harakatni amalga oshirishni talab qilmaydi.

ипотека bank, реклама

2023 yining 13-iyun sanasida Budapeshtda OTP Bank 2020-yil oxiridan buyon O‘zbekiston hukumati bilan mamlakat bank sektorini xususiylashtirishda ishtirok etish imkoniyatlari bo‘yicha muzokaralar olib borgan edi. 2022-yilning dekabr oyida Toshkent shahrida tomonlar mamlakatning beshinchi yirik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi muassasasi — “Ipoteka-bank”ning O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli aksiyalarining 100 foizini (umumiy bank aksiyalardagi ulushi taxminan 98 foiz) OTP Bank tomonidan sotib olish yuzasidan oldi-sotdi shartnomasini imzolagan edilar.

Toshkentda o‘tgan tadbirda esa moliyaviy amaliyot muvaffaqiyatli yakunlandi va OTP Bank “Ipoteka-bank”ning qonuniy nazorat organiga aylandi. Natijada, OTP Bank “Ipoteka-bank”ning 73,41 foiz egaligi bilan asosiy aksiyadoriga hamda bilvosita bankka tegishli moliyaviy lizing bilan shug‘ullanuvchi “Ipoteka lizing” va sug‘urta xizmatlarini taklif qiluvchi “Imkon-Sug‘urta” jamiyatlarining egasiga aylandi.

Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) OTP Bank bilan hamkorlikda kelgusida “Ipoteka-bank”ni moliyaviy va transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.

“O‘zbekiston bank bozoriga Yevropadan juda katta institutsional investor kirib kelishi iqtisodiyotimiz rivojlanishi uchun ham katta omil hisoblanadi. Ushbu xususiylashtirishga qadar biz ko‘p qadamlarni bosib o‘tdik. Tarixiy voqealarga guvoh bo‘lib turibmiz. OTP “Ipoteka-bank”ning 75 foiziga ega bo‘ldi. Barchaga muvaffaqiyat tilayman” — dedi iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov.

ипотека bank, реклама

“Mazkur bitim bilan bank faoliyatida yangi bosqich boshlanmoqda. Biz Markaziy Osiyo mintaqasida eng yirik bankka aylanamiz. Hozirga qadar 11 ta mamlakatdan 23 ta bankni sotib olganmiz. Aktivlarimiz 300 mln dollardan 16 mlrd dollargacha o‘sdi. Foydamizning dvidendlardan qolgan asosiy qismini bankimiz faoliyatini yanada rivojlantirish, ishlarimiz samaradorligi uchun sarflab kelmoqdamiz. O‘zbekiston hukumatiga mazkur hamkorlik uchun minnatdorlik bildiraman”, — deya ta’kidladi OTP Bank direktori o‘rinbosari Laslo Vulf.

ипотека bank, реклама

“Biz barchamiz OTP guruhi tomonidan „Ipoteka-bank“ mijozlari, xodimlari va hamkorlariga taqdim etiladigan yangi imkoniyatlarni intiqlik bilan kutmoqdamiz. 2019-yildan buyon „Ipoteka-bank“ uzluksiz transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirmoqda, bu esa barqaror o‘sish va mahalliy banklar orasida kuchli pozitsiyani egallash imkonini bermoqda. Mazkur bitim, albatta, bizning tariximizda yana bir muhim bosqich bo‘ladi va shubhasiz, OTP Bank guruhining a’zosi sifatida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatining yanada yuqori standartlarini taqdim eta olamiz hamda yangi raqamli texnologiyalar, mahsulotlar va boshqaruv tajribasi yordamida bank sektorida yetakchilikka erishamiz”, — dedi “Ipoteka-bank” boshqaruv raisi Elyor Inomjonov.

Tranzaksiya amalga oshgandan keyingi maqsad — muvaffaqiyatli integratsiya jarayonini o‘tkazishdan iborat: OTP guruhi va “Ipoteka-bank” birgalikda mijozlar, xodimlar va hamkorlar ga yangi imkoniyatlarni taklif qilish maqsadida biznes amaliyotlari, filiallar tarmog‘i, tizimlar, mahsulotlar va innovatsiyalarning turli jihatlarini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqadi. “Ipoteka-bank” mijozlaridan ushbu (egalik huquqini o‘tkazish bilan bog‘liq) bitim hech qanday harakatlarni amalga oshirishni talab etmaydi va ularga integratsiya jarayonlari bilan bog‘liq o‘zgarishlar haqida o‘z vaqtida ma’lumotlar taqdim etiladi.

ипотека bank, реклама

“Ipoteka-bank” — aktivlari hajmi bo‘yicha 7,6 foiz bozor ulushiga ega O‘zbekistonning beshinchi yirik banki hisoblanadi. Bank yirik korporativ mijozlarga ega bo‘lishdan tashqari, chakana mijozlari soni 1,5 millionni tashkil etadi va 39 ta filiallar tarmog‘i, 200 dan ortiq mijozlarga xizmat ko‘rsatish markazlari orqali o‘z faoliyatini amalga oshirib kelmoqda. Bank aktivlari, so‘nggi uch yilda kredit portfelida yillik o‘rtacha 20 foiz, depozit portfelida esa 24 foizga o‘sish hisobiga ko‘payib, so‘nggi yillardagi sof foydasi ham doimiy ravishda yaxshilanib bormoqda.

OTP guruhi — yuqori rentabellik, barqaror kapital va likvidlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasida tez rivojlanayotgan va yetakchi bank guruhlaridan biri hisoblanadi. Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaning 12 mamlakatida 41 000 dan ortiq xodimga ega bo‘lgan guruh 17,5 milliondan ortiq mijozlarga universal moliyaviy xizmatlar ko‘rsatadi. Markaziy va Sharqiy Yevropa mintaqasi bank sektoridagi faol moliyaviy birlashtiruvchi sifatida guruh 2000-yillardan boshlab 23 ta bankni muvaffaqiyatli sotib oldi va birlashtirdi. Hozirgi vaqtda bank Vengriya, Bolgariya, Serbiya, Chernogoriya va Sloveniyada faoliyat olib bormoqda. OTP Guruhi bosh offisi Vengriyada joylashgan bo‘lib, mulkchilikning diversifikatsiyalangan va shaffof tuzilmasiga ega. Bank guruhi 1995-yilda Budapesht fond birjasida ro‘yxatga olingan.

Reklama huquqlari asosida