Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Szinpinga uning 70 yoshlik yubileyi munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi xabar berdi.

Davlat rahbarining tabrigida Szinpinning bevosita rahbarligida Xitoy xalqi so‘nggi yillarda “ulkan yutuq va olamshumul muvaffaqiyatlarga” erishayotgani ta’kidlandi.

Xususan, aholini kambag‘allikdan chiqarish, qashshoqlikka barham berish, o‘rtacha farovon jamiyat qurish jarayonlarini yakuniga yetkazishga qaratilgan ishlar qayd etildi.

“Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, sizning shaxsan e’tiboringiz tufayli O‘zbekiston — Xitoy munosabatlari har tomonlama mustahkamlanib, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda”, — deyiladi tabrikda.

Davlat rahbari, shuningdek, yaqinda Xitoyga qilgan davlat tashrifini eslab, uning yakunlari hamda Sian shahrida bo‘lgan “Markaziy Osiyo — Xitoy” birinchi sammiti doirasidagi muzokaralar natijalari har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga hissa qo‘shishini bildirdi.

Prezident Si Szinpinni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.