Davlat xavfsizlik xizmati hududlardagi boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda fuqarolarni noqonuniy yo‘l bilan xorijga jo‘natish bilan bog‘liq bir qator holatlar haqida xabar berdi.

Xususan, Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi 31 yoshli shaxs tanishlari orqali Tayloq tumanida yashovchi ikki fuqaroni O‘zbekiston-Ispaniya-Meksika-AQSh yo‘nalishida Qo‘shma Shtatlarga yuborishini aytgan. Evaziga 44 ming dollar talab qilib, oldindan 40 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Toshkent shahrining Olmazor tumanida yashovchi 28 yoshli shaxs Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida istiqomat qiluvchi 33 yoshli fuqaroning ishonchiga kirib, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali uni Kanada davlatiga ishga yuborish va viza hujjatlarini rasmiylashtirib berishini aytgan. Evaziga 15 ming dollar talab qilib, oldindan 7,5 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida yashovchi 25 yoshli shaxs Muzrabot tumanida istiqomat qiluvchi 40 yoshli fuqaroni tegishli viza hujjatlarini rasmiylashtirib, Kanada davlatiga ishga yuborish evaziga 138 million so‘m olgan vaqtda ushlangan. Ta’kidlanishicha, u muqaddam firibgarlik jinoyati sodir etgani uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Hozirda yukoridagi holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.