Toshkentda 61 yoshli AQSh fuqarosi Maksim Penson himoya orderi talablarini buzganligi va bezoriligi sabab jarimaga tortildi. Sud 2023-yil 9-iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Nemolchi.uz loyihasi xabar berdi.

O‘zbekiston Oliy sudi axborot xizmatining “Gazeta.uz”ga taqdim etgan sud qarorida yozilishicha, 2023-yil 27-may kuni taxminan soat 12:00 larda Toshkentda joylashgan Samarqand darvoza savdo majmuasidagi do‘konlarning birida AQSh fuqarosi bo‘lgan Maksim Penson sha’riy turmush o‘rtog‘i S.Razakovani turli so‘zlar bilan haqorat qilib, qo‘lidagi paketlarni unga otib, janjallashgan. Maksim Penson himoya orderi talablarini bajarmasdan, ayoliga nisbatan zo‘ravonlik qilib, tazyiq o‘tkazgan.

Sud majlisida har ikki tomon so‘roq qilingan. Huquqbuzar Maksim Penson turmush o‘rtog‘i S.Razakova bilan janjallashgani, qilmishidan pushaymonligini aytib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishini so‘ragan. Jabrlanuvchi sifatida so‘roq qilingan S.Razakova esa o‘z ko‘rsatuvida turmush o‘rtog‘i Maksim Penson himoya orderi talablarini bajarmay, unga tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazgani, har xil so‘zlar bilan haqorat qilgani, qo‘lidagi paketlarni unga otib janjal ko‘targanini aytgan. Suddan Maksim Pensonga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Sud Maksim Pensonning yoshi, oilaviy va moddiy ahvolini inobatga olib, unga nisbatan jarima jazosi tayinlashni lozim deb topgan:

  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha 990 ming so‘m;
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 206−1-moddasi bo‘yicha (bezorilik va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaslik) — 330 ming so‘m.

Sud tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi (bir nechta huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash) bilan ayblanuvchiga ikkita huquqbuzarlik uchun jami 990 ming so‘m miqdorida jarima solingan.

“Qarordan norozi tomonlar sud qarorining nusxasi topshirilgan yoki olingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida Toshkent shahar sudiga shikoyat berishi yoki protest keltirishlari mumkin”, — deyiladi sud qarorida.