Hindistonning Indira Gandi xalqaro aeroportida 16,5 kg oltinni olib o‘tayotgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi, jumladan, bir ayol qo‘lga olindi, deb xabar bermoqda News Room Odisha.

Dastlabki tintuv paytida xodimlarni chalg‘itish maqsadida oltin solingan sumka konveyer yoniga tashlab ketilgani sababli ulardan hech narsa topilmagan.

Bojxona xodimlarining ta’kidlashicha, har ikkala ayblanuvchi ham Markaziy Osiyo davlatlaridan biridan borayotgan shaxslar Dehliga katta miqdorda oltin olib ketayotganini ko‘rsatuvchi maxsus ma’lumotlar asosida qo‘lga olingan. Natijada aeroport bojxonachilari kelayotgan yo‘lovchilarga nisbatan hushyorlikni oshirgan.

“Taqdim etilgan ma’lumotlar asosida bir yo‘lovchining shaxsi aniqlandi va ular reysdan tushgan paytdan boshlab nazoratga olindi. Ayblanuvchi ushlandi; biroq uning yuki va shaxsi tekshirilganda, hech qanday kontrabanda aniqlanmadi”, — deydi rasmiy.

Keyin xuddi shu ma’lumotlarga ko‘ra ikkinchi yo‘lovchining shaxsi aniqlangan va u shubhali harakat qilayotgani kuzatilgan.

“U kuzatuv ostida edi va yashil yo‘lakni kesib o‘tmoqchi bo‘lganida to‘xatildi. So‘ng yuki ham tekshirildi, ammo hech narsa topilmadi”, — dedi rasmiy.

Keyinroq rasmiylar uning qo‘lga tushishdan qo‘rqib, yukini bojxona zaliga tashlab ketganini aniqladi. “Ushbu sumkani skanerlashda oltin buyumlar borligini ko‘rsatuvchi tasvirlar ko‘rindi. Undan taxminan 16,5 kg oltin topildi”, — deyiladi xabarda. Oltin narxi 10 39 50 000 rupiyga baholangan (125 ming dollardan ziyod).

Shundan so‘ng rasmiylar sumkani tashlab ketgan shaxsni aniqlash uchun zudlik bilan videokuzatuv kamerasi tasvirlarini ko‘zdan kechirgan, unda sumkani tashlab ketayotgan ayol ko‘ringan.

“Qochayotgan yo‘lovchining shaxsi aniqlanib, videokuzatuv kameralaridagi tasvirlardagi o‘xshashlik asosida ushlandi. U sumkani tashlab ketganini tan oldi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, asosiy gumondor bo‘lgan birinchi ayblanuvchi ham qo‘lga olindi”, — deya qayd etilgan xabarda. Holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.