2-iyun kuni Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida temiryo‘lda 7 yoshli bolani qutqarib qolgan ayolning o‘zini poyezd bosib ketdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Soat 10:40 da 42 yoshli ayol D.M. piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘zi bilan birga bir yo‘nalishda ketayotgan 7 yoshli bolaga yo‘lovchi poyezdi yaqinlashib kelayotganini ko‘rgan. Shundan so‘ng voyaga yetmagan N.U.ning yelkasidan turtib, uni chetga chiqarib yuborgan. Ammo o‘zi poyezddan qochishga ulgurmagani sababli poyezd ayolni urib yuborgan va oqibatda ayol voqea joyida vafot etgan.

Marhuma maktabda farrosh bo‘lib ishlagan, oilali, 3 nafar farzandi bo‘lgan.

Holat yuzasidan transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.