Andijonda “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkiloti faoliyatida ishtirok etgan aka-ukalardan biriga sud hukmi o‘qildi. Yana biri Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar vaqtida vafot etdi.

DXX xabariga ko‘ra, Andijon shahrida yashovchi, 1997-yilda tug‘ilgan shaxs 2017-yilning iyun oyida ishlash maqsadida Turkiyaning Istanbul shahriga borib, savdo do‘konida sotuvchilik bilan shug‘ullangan. Oradan bir yil o‘tib, uning oldiga 1995-yilda tug‘ilgan akasi borgach, ular birga ishlay boshlagan.

Keltirilishicha, aka ukasiga terroristik tashkilotlar va diniy ekstremistik oqimlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lgan Sodiq Samarqandiy, Abdulloh Zufar, Abdulloh Buxoriylarning ma’ruzalarini targ‘ib qilgan va Suriyaga borib, jihod qilish lozimligini aytgan. 2018-yilning kuz oylarida aka-ukalarning kattasi, keyinroq esa kichigi Suriyadagi terroristik tashkilot safiga borib qo‘shilgan. 1995-yilda tug‘ilgan shaxs Suriyada qurolli to‘qnashuvlar vaqtida vafot etgan.

“O‘sha paytlari terroristik tashkilotlar o‘rtasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar, amir bo‘lish uchun yetakchilarning o‘zaro nizolarga kirishishlarini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘lgan andijonlik yigit onasi yuborgan pullar yordamida Turkiyaga qaytib o‘tgan. Keyinroq bir muddat Qirg‘izistonda bo‘lib, so‘ngra Qozog‘istonga borgan. Ushbu davlatning soxta fuqarolik pasportini olgan mazkur shaxs hujjatni qalbakilashtirgani uchun huquq-tartibot idoralari tomonidan ushlanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan”, — deyiladi xabarda.

U jazo muddatini o‘tab bo‘lgach, O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahri sudi hukmiga ko‘ra, fuqaro Jinoyat kodeksining 155−2 (Terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida o‘quvdan o‘tish, chiqish yoki harakatlanish) va 244−2 (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) moddalari bilan aybli deb topilib, 10 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.