2023-yil 31-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tumani sudida Xatirchi tumanida yashovchi 57 yoshli ayolga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Sud hujjatlarida ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi 2015-yilda Istanbulga ishlagani borgan. U yerda qariya er-xotinga g‘amxo‘rlik qilish bilan shug‘ullangan. Ayol o‘sha vaqtlarda uydagilari bilan gaplashib turish uchun “Odnoklassiki.ru”da profil ochib, foydalanishni boshlagan.

Ayol 2019-yil aprelda Turkiyadan O‘zbekistonga qaytib kelgan. Oradan 4 yil o‘tib, ya’ni 2023-yil 15-fevral kuni IIB xodimlari uni Xatirchi tumani IIBga qarashli militsiya tayanch punktiga chaqirgan. Ayolning telefoni tekshirilib, “Odnoklassniki” profilida benamozlik haqidagi videoma’ruzaga “klass” bosgani aniqlangan.

Ayolning telefoni shu kuni ashyoviy dalil tariqasida olingan hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga asosan ushbu ma’ruza diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgani, shuningdek, uni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangani aniqlangan.

Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, ayol 2018-yilning fevralida “Odnoklassniki.ru” ijtimoiy tarmog‘ida profil ochib, R.K. ismli o‘zbekzabon shaxsning benamozlik haqidagi videoma’ruzasiga “klass” belgisini bosgan. Shuningdek, u mazkur videoni 130 nafar virtual do‘stiga tarqatgan. Ayol ushbu “klass”ni O‘zbekiston hududida emas, balki Turkiyada migrant sifatida ishlab yurganida bosgan.

Ayolning sud majlisida aytishicha, unga ushbu profilni taxminan 19 yashar A. ismli bola ochib bergan. Ayol profildan foydalangan vaqtida videoroliklarga “klass” belgisini bosgan bo‘lishi mumkinligi, ammo buni aniq eslay olmasligini qayd etgan.

Ayol sudda o‘zi “klass” bosgan diniy mazmundagi ma’ruzalar virtual do‘stlariga tarqalishini bilmagani, qachon va nima sababdan bosganini ham aniq eslay olmasligini, hozirda bu ishidan pushaymonligini, ushbu holat ikkinchi marta takrorlanmasligini aytgan. Bundan tashqari, 57 yoshli nafaqaxo‘r ayol sog‘lig‘i yaxshi emasligi, oyoqlarida suyak yemirilishi xastaligi paydo bo‘lgani, hassaga suyanib qolgani, qaramog‘ida 3 nafar farzandi borligini aytib, suddan yengillik so‘ragan.

Ayblanuvchining o‘g‘li onasi bilan “Odnoklassniki” orqali gaplashib turganini, lekin bunday ma’ruzaga “klass” bosilganidan bexabar ekanini aytgan hamda onasi uchun suddan yengillik so‘ragan.

Bundan tashqari, sudda 2 nafar guvoh ayolning profilida yuqoridagi ma’ruzaga “klass” bosilganini tasdiqlagan.

Dastlabki tergov organi xulosasiga ko‘ra, ayol JKning 244−1-moddasi 3-qismi “g” bandi — jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatish maqsadida saqlash va internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tarqatishda ayblangan.

Sud yengillashtiruvchi holatlarni hisobga olib, ayblanuvchini “jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkinligi” haqidagi xulosaga kelgan hamda 244−1-modda sanksiyasida nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazo — 3 yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayol yashash joyidan kechqurun soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 gacha chiqishi cheklangan. Bundan tashqari, ushbu vaqt davomida:

  • ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;
  • uni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik;
  • Navoiy viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik;
  • internetdan foydalanmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlarni yuklagan.

Ayolning ijtimoiy tarmoqlardagi profillarini bloklash yuzasidan chiqarilgan hukm ijro uchun DXX Navoiy viloyati boshqarmasiga yuborilgan.