9-iyun kuni Italiya poytaxti Rimda start olgan taekvondo WT bo‘yicha Gran-pri musobaqasining ilk kunida o‘zbekistonlik sportchilar 2 ta medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati.

-68 kg vazn toifasida yarim finalda xorvatiyalik Marko Golubochni yengib finalga yo‘l olgan Ulug‘bek Rashitov hal qiluvchi bahsda vengriyalik Levente Jozsani 2:0 hisobida mag‘lub etdi va chempionga aylandi. Shu tariqa 8 yillik tanaffusdan so‘ng o‘zbekistonlik taekvondochilar Gran-pri musobaqasida yana oltin medalga sazovor bo‘ldi.

+80 kg toifasida kurash olib borgan Nikita Rafalovich yarim finalda xorvatiyalik Ivan Sapinani yenggandi. Ammo final jangida u Buyuk Britaniya vakili Kaden Kunninghemga imkoniyatni boy berib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi.

10-iyunda ham 2 nafar o‘zbekistonlik sportchi medallar uchun kurash olib boradi. So‘nggi 2 ta jahon chempionatining qahramonlaridan Feruza Sodiqova hamda Svetlana Osipova musobaqani quyidagi raqiblarga qarshi boshlaydi:

-67 kg: Feruza Sodiqova — Yolanta Tarvida (Latviya).

+67 kg: Svetlana Osipova — Belen Moran (Ispaniya).