O‘zbekiston hududi bo‘yicha dam olish kunlari quruq ob-havo saqlanib turadi, deb xabar qildi O‘zgidromet xizmati agentligi.

Ushbu haftaning o‘rtasidan O‘zbekistonning g‘arbiy hududlariga Volgabo‘yidan nisbatan salqin havo kirib keldi. Ikki kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati +7…+10 darajaga pasaydi va kecha kunduzi +30…+35 darajani tashkil etdi.

Juma kuni Buxoro, Navoiy viloyatlarida, shanba va yakshanba kunlari markaziy, janubiy va sharqiy viloyatlarda issiq biroz pasayadi. Biroq respublika hududining katta qismida haroratning pasayishi shimoliy hududlardek sezilmaydi. Kunduzgi harorat +33…+38 darajagacha pasayadi.

Bugun va dam olish kunlari respublika bo‘yicha quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat tog‘li hududlarda shanba va yakshanba kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

9−11-iyun kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda 9−11-iyun kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5−10 m/s tezlikda esadi, 9−10-iyunda 12−15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat bugun kunduzi +38…+40 daraja, dam olish kunlari +36…+38 daraja bo‘ladi.

Haroratning pasayishi uzoq davom etmaydi. Keyingi haftada harorat foni avvalgi +35…+40 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +41…+42 darajagacha bo‘lgan qiymatlarga qaytadi.