Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga tashrifi doirasida o‘tkazilgan biznes forum davomida “Issiqlik elektr stansiyalari” va Italiyaning SACE kredit agentligi o‘rtasida uchta yirik shartnoma va bitta memorandum imzolandi. Bu haqda “Issiqlik elektr stansiyalari” matbuot xizmati xabar qildi.

Ularga ko‘ra, jami 2 mlrd 263 mln yevroga teng 4 ta yirik loyiha, shu jumladan, Toshkent IESni modernizatsiya qilish, poytaxtning 6 ta tumanida gaz porshenli qurilma va suv isitish qozonlarini qurish loyihasi, Yunusobod tumanidagi 4-Issiqlik markazi hududida har birining quvvati 4,3 MVtga teng 24 ta gazporshenli qurilma va har birining quvvati 130 MVtga teng bo‘lgan 4 ta suv isitish qozonlarini bunyod etish ishlari amalga oshiriladi.

Memorandumga asosan esa 1-, 3-, 5-, 6-, 7-, 8-, 9-, 10- issiqlik markazlarida kogeneratsion qurilmalar barpo etish orqali poytaxt aholisini qo‘shimcha issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoni yaratiladi. Mazkur loyiha ham EPC+F ya’ni, qurish va to‘liq ishga tushirish darajasida moliyalashtirish shartiga asoslangan. Bu bilan Toshkent IESni modernizatsiya qilishga oid kelishuvga ko‘ra, stansiyaning mavjud quvvatini 990 MVtga oshirish kutilyapti.

“Bunda tabiiy gazni zamonaviy bug‘-gaz qurilmalari hisobiga kombinatsiyalashgan siklda samarali yoqishni tashkil etish, elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish jarayoniga bosqichma-bosqich zamonaviy va yuqori samarador texnologiyalarni joriy etish orqali ko‘rsatkichlarni oshirish, Toshkent viloyati sanoat korxonalari va uy-joy kommunal xo‘jaliklarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash belgilangan. Umumiy qiymati 544,5 mln yevroni tashkil etadigan loyiha asosida hududning ijtimoiy sohalarini yanada rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.

“Loyihalarga investorlarni jalb etish jarayonida xalqaro bank va moliya institutlari ko‘rib chiqildi. Natijada Italiyaning SACE kredit agentligi tomonidan berilgan taklif qabul qilindi. Moliyalashtirishning asosiy shartlaridan biriga ko‘ra, loyihalarda bosh pudratchi sifatida Italiya kompaniyalari ishtirok etadi”, — deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Xalkaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Jurayev.

Ma’lum qilinishicha, yuqorida keltirilgan 4 ta loyiha ham Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 13-yanvardagi 13-son “Toshkent shahri markazlashgan issiqlik ta’minoti korxonalarini faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga qaratilgan.