Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan Farg‘ona va Andijon viloyatlarida noqonuniy ravishda fuqarolarni Haj ziyoratiga yubormoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma rahbari Ya.M. o‘zganing ishonchiga kirib, uni va tanishini Haj ziyoratiga yuborish evaziga 16 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Marg‘ilon shahrida faoliyat yurituvchi boshqa bir turistik firma xodimi A.T. esa Qo‘shtepa tumanida yashovchi fuqaroga “Haj 2023” vizasi rasmiylashtirib, Haj ziyoratiga yuborish evaziga talab qilingan 10 ming AQSh dollaridan 4 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.

Buvayda tumanida kuzatilgan holatda Andijon shahridagi turistik firma vakili M.J. Marg‘ilon shahrida yashovchi fuqaroning onasiga “Haj 2023” vizasi rasmiylashtirib, Haj ziyoratiga yuborish evaziga talab qilingan 8500 AQSh dollaridan 3 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.