O‘zbekistonda yozning issiq kunida kuzatilayotgan anomal isish avtomobil egalaridan transport vositalariga ehtiyot bo‘lishlarini talab etadi. UzAuto Motors mutaxassislari jaziramadan ularni qanday saqlash borasidagi ko‘rsatma va tavsiyalar bilan bo‘lishdi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nurlari ostida bo‘lgan avtomobilda harorat 100 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Yuqori darajali harorat va quyoshning ultrabinafsha nurlaridan avtomobil oynasining muhrlari, fara va chiroqlarning qopqoqlari, asboblar paneli, ichki qoplamalar, tashqi qoplamaning plastik qismlari qiziydi, xiralashadi, yoriladi va buziladi.

avtomobil, ёз фасли, jazirama, issiq

Bunday noxushliklarning oldini olish hamda avtomobilni quyosh nuridan himoya qilish uchun quyidagi ko‘rsatma va tavsiyalarga rioya qilish zarur:

O‘zingiz va yaqinlaringizni jaziramadan asrang

Eng avvalo, haddan tashqari qizib ketgan avtomobilda o‘zingiz va yo‘lovchilarning uzoq vaqt qolib ketishiga yo‘l qo‘ymang. Avtomobilga o‘tirishingiz bilan uni harakatlantirishga shoshilmang — yaxshisi, oynalarni oching va dvigatelni ishga tushirib, bir necha daqiqa kutib turing. Mazkur qoida, ayniqsa, to‘q rangli avtomobil egalari uchun juda muhimdir.

Jaziramada avtomobil saloni bir necha daqiqa ichida nihoyatda yuqori haroratgacha qiziydi. Fojiali hodisaning oldini olish uchun hech qachon bolalar, qariyalar va hayvonlarni avtomobil salonida, hatto oynalari ochiq bo‘lgan taqdirda ham, qarovsiz qoldirmang.

Avtomobilni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan quyosh nuridan himoya qiling

Tabiiyki, eng yaxshi yo‘l — avtomobilni yopiq avtoturargohlarda yoki soya joyda qoldirish. Ammo hamma ham bunday imkoniyatga ega emas, albatta. Bunday vaziyatda old oyna uchun quyoshdan himoyalovchi ekran sotib oling (himoyalovchi ekran bozorlarda 10 ming so‘m atrofida turadi) va iloji boricha oynalarni yoping: bu choralarning barchasi salon qizib ketishining oldini oladi, uning plastik va rezina elementlarini deformatsiyadan himoyalaydi.

Agar mashinangizni uzoq vaqt ko‘chada qoldiradigan bo‘lsangiz, avtomobilga maxsus chexol sotib oling, u sizga yozin-qishin xizmat qiladi. Keltirib o‘tilgan vositalar bo‘lmagan taqdirda, avtomobilni quyoshga teskari, old va yon oynalariga quyosh nuri tushmaydigan qilib qo‘ying. Avtomobilning quyosh nurida ko‘p qolib ketishi haqiqiy rangning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.

Avtomobilning suyuqlik darajasini kuzatib boring

Bu oyna tozalovchi, moy, freon va boshqa shu kabi suyuqliklarga taalluqli. Yozda dvigatel bosimi haddan tashqari ortadi va uni yetarli miqdorda motor moyi bilan ta’minlash nihoyatda muhim. Yozning issiq kunlarida avtomobildan intensiv foydalanish bilan yog‘ni tez-tez almashtirish kerakligini unutmagan holda uni vaqti-vaqti bilan bajarishga harakat qiling.

Radiatorga disterlangan suv emas, maxsus antifriz quyish kerakligini yodda tuting. Yoz mavsumida tormoz suyuqligini muntazam ravishda o‘zgartirib turing, shu bilan birga, sizga taqdim etilgan servis kitobidagi tavsiyalarga amal qiling.

Bakni yonilg‘i bilan oxirigacha to‘ldirmang

Haddan tashqari issiqda yonilg‘i bakini oxirigacha to‘ldirmang. Harorat ko‘tarilganda yoqilg‘i kengayib, bakdan to‘kilishi mumkin. To‘kilgan yoqilg‘i avtomobil ranggiga yoki korpusning korroziyaga qarshi himoya qilish (antikorozyon) qoplamalariga zarar yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, oqib to‘kilgan yonilg‘i atrof-muhitga zarar yetkazadi va hattoki yonilg‘i yonib ketishi ham mumkin.

Shinalarni to‘g‘ri tanlang

Qishki shinalarni yozgisiga almashtiring. Asfaltning issig‘ida ular yemirilib, yo‘lda harakatlanish uchun tavsiya qilinmaydi. Chunki issiq havo haroratida rezinalar yumshashi mumkin. Shuni unutmangki, juda yuqori haroratda asfalt qizib yumshaydi.

Buyumlarni zinhor avtomobilda qoldirmang

Yoz mavsumida avtomobilingiz salonida gazli ichimliklar, tibbiy buyumlar va dori vositalari, shuningdek, quyoshdan himoyalovchi kremlar, ko‘zoynaklar, turli xildagi suyuqliklar hamda balonchiklarni, ayniqsa, elektron qurilmalarni saqlamang. Yozning jazirama issig‘ida avtomobil salonida qoldirilgan eng oddiy buyum ham xavfli hisoblanadi.

Quyosh nuridan ko‘zingizni asrang

Quyosh nuri haydovchining ko‘rish qobiliyatini pasaytirib, bir necha soniyalar ichida yo‘lda noxush hodisani keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli quyoshdan saqlovchi ko‘zoynaklar tavsiya qilinadi. Ular yo‘l-transport hodisasi sodir etilishining oldini oladi.