Shavkat Mirziyoyevning 1-iyun kuni “Pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Farmonga ko‘ra, 2023-yil iyundan hududlarda:

  • ipak qurtini parvarishlash, yetishtirilgan pillani xarid qilish, qayta ishlash, qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, tayyor mahsulotni ichki bozorga yo‘naltirish va eksport qilish bilan shug‘ullanadigan yangi pillachilik klasterlari;
  • tut ko‘chatlarini yetishtirish, tutzorlarni barpo qilish, ipak qurtini parvarishlash, pilla xomashyosini tayyorlash bilan shug‘ullanadigan pillachilik va tutchilik yo‘nalishidagi yangi fermer xo‘jaliklari tashkil etiladi.

Yangi tutzorlar barpo qilish uchun 105 ming gektar yer maydonlari ularning konturlarini aniq belgilagan holda Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Yangi tutzorlar barpo qilish uchun yer uchastkalari 10 gektardan kam bo‘lmagan o‘lchamda pillachilik klasterlari, pillachilik va tutchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga, istisno tariqasida, ijara huquqi asosida ajratiladi.

Shuningdek, hududiy “Agropilla” MCHJlarga tegishli bo‘lgan va aholiga oilaviy pudrat shartnomasi asosida biriktiriladigan tutzorlar maydoni 0,5 gektardan 2 gektargacha etib belgilandi.

2023-yil 1-iyundan:

  • kasanachilar, pillachilik uy xo‘jaliklari hamda fermer xo‘jaliklariga ipak qurti urug‘i va uni parvarish bilan bog‘liq resurslar bepul beriladi;
  • maydoni 10 gektar va undan ziyod gektardagi tutzorlarga suv chiqarish uchun burg‘ilangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurishga har bir metri uchun 600 ming so‘mdan, ammo 120 million so‘mdan oshmaydigan miqdorda subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasining hududlarda ipak qurti urug‘ini tayyorlovchi yangi urug‘chilik korxonalari (7 ta) tashkil etildi.

Shuningdek, 2023-yil yakunigacha Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida ipak qurtining mahalliy zotlardan olingan elita urug‘ini tayyorlash naslli urug‘chilik stansiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Eslatib o‘tamiz, 1-martdan pilla boquvchilarga yetkazib berilgan har quti ipak qurti urug‘i uchun 120 ming so‘m miqdorida subsidiya ajratilishi belgilangandi. Shuningdek, xom ipakni eksport qilish tartibi soddalashgan.