Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida jurnalistga qo‘pollik qilgan shaxsga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi, deya xabar bermoqda Toshkent shahri sudlari matbuot xizmati.

Jurnalist Nozim Teshayevning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, 3-iyun kuni tumanning Osiyo ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylardan birining aholisi MY5 telekanaliga murojaat qilib, 9 qavatli uyning birinchi qavati buzilib, dorixona qurilayotgani, bino asosiy devorlaridan biri esa buzib bo‘linganini ma’lum qilgan. Telekanal jurnalisti holatni yoritishga borganda 1993-yilda tug‘ilgan M.Ya. unga qarshilik ko‘rsatgan va jurnalist bilan og‘zaki janjallashgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, buzish uchun ruxsatnoma bo‘lmagan.

Tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘ra, jurnalist bu shaxsdan jarayonni boshlash uchun ruxsatnoma bor-yo‘qligini so‘ragan. U esa kamerani o‘chirib gaplashishni aytgan. Operator jurnalistning talabi bilan holatni tasvirga olishda davom etgan. Bunga M.Ya. qarshilik ko‘rsatgan.

“Nimani oladi? Meni olaver deydigan sen kimsan?! Mazangni qochirib tashlayman hozir. Bu yerda turma”, — deya haqoratli so‘zlar ishlatgan u.

5-iyun kuni ochiq sud majlisida M.Ya.ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi qaroriga ko‘ra, u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

“Ushbu qarordan norozi taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahri sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi ma’lum qilinadi”, — deyiladi xabarda.