Fanlar akademiyasida yangilangan va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ilk bor chop etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobining taqdimoti o‘tkazildi.

2020-yilda nashr etilgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kirill yozuvida 5 jilddan iborat bo‘lgan bo‘lsa, bu nashr 6 jilddan iborat va unga 5000 ga yaqin yangi so‘z (jami 80 mingdan ortiq so‘z) kiritilgan.

Izohli lug‘at Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Fanlar akademiyasi hamda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi hamkorligida tayyorlangan. Izohli lug‘atning dastlabki jildlarini tayyorlashda marhum olimlar — akademik Azim Hojiyev, akademik To‘ra Mirzayev, akademik Ernis Begmatov bevosita ishtirok etgan.

lotin yozuviga asoslangan o‘zbek алифбоси, o‘zbek tilining izohli lug‘ati

Shuningdek, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “O‘zbek xalq so‘zlari”, “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”, “O‘zbek tili frazeologik lug‘ati”, “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining o‘quv imlo lug‘ati”, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati”, “O‘zbek xalq paremalarining sinonimik izohli lug‘ati”, “Nonvoychilik terminlarining izohli lug‘ati” kitoblari ham tayyorlanib, chop etilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” 2006-yilda Filologiya fanlari nomzodi Suyun Qorayevning o‘zbek tili boyligi, biroq lug‘at qashshoqligini tanqid qilgan fikrlarini e’lon qilgandi.

Darhaqiqat, ko‘p tilli bu kurrai zaminda o‘z tilini a’lo darajada bilgan va ko‘p tilni puxta o‘zlashtirgan xalq yutadi. Agar tilga hozrgidek munosabat davom etaversa, bir necha yildan keyin so‘z boyligimiz yonga solib yuradigan lug‘atga jo bo‘ladi-qoladi, deb yozgandi o‘sha maqolasida Suyun Qorayev.