O‘zgidromet xizmati agentligi direktori Sherzod Habibullayev 5−8-iyun kunlari O‘zbekiston hududiga Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi va buning hisobiga havo harorati maksimal darajaga chiqishidan ogohlantirdi.

Xususan, 5−6-iyunda harorat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida +40…+41 darajagacha ko‘tariladi. 6−8-iyunda esa Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida +40…+42 darajagacha oshadi.

Shuningdek, 5−8-iyunda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida +38…+40 darajagacha, 7−8-iyunda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida +36…+39 darajagacha ko‘tariladi.

7−8-iyun kunlari shimolda, janubda va cho‘l hududlarida ba’zi joylarda shamol tezligi 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda. Ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.