Haj-2023 mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori 68 mln 760 ming so‘m etib belgilandi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov ma’lum qildi.

2023-yilda O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 12 mingdan 15 ming nafarga oshirildi.

Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan ishchi guruh Makka va Madina shaharlarida sharoitlarni hozirlash ishlarini olib bormoqda.

Hajga boruvchilarga bu yilda Saudiya Arabistoni tomonidan quyidagi talablar qo‘yilgan:

  • JSST tomonidan tasdiqlangan vaksinalardan biri bilan to‘liq emlangan bo‘lishi shart;
  • meningitga qarshi 4 valentli vaksina qabul qilgan bo‘lishi shart;
  • mavsumiy grippga qarshi emlanish tavsiya etiladi.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar 4-iyundan 19-iyungacha respublikaning 10 ta hududiy aeroportidan, jumladan, Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali Madina shahriga yuboriladi. 4-iyuldan 22-iyulgacha esa Jidda shahridan O‘zbekistonga olib kelinadi.

Ma’lumot uchun, Haj-2022 mavsumi uchun ziyoratchilar 62,9 mln so‘m to‘lov qilishi kerak bo‘lgan.