Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarini o‘rganish universiteti — Green University ta’sischisi bo‘ldi. Bu haqda vazir Aziz Abduhakimov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi. Universitet 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab abituriyentlarni qabul qilishni boshlaydi.

Ta’lim muassasasi Markaziy Osiyoning muhim ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy muammolarini hal etishga qodir kadrlarni tayyorlaydi, shuning uchun mintaqaning barcha davlatlaridan kelgan talabalar universitetda tahsil olishlari mumkin bo‘ladi.

“Lavozimga tayinlanganimdan so‘ng (tabiat resurslar vaziri, bu lavozim vazirlik o‘zgarishidan oldin shunday atalgan edi — tahr.) qo‘shni davlatlardagi hamkasblarim bilan qo‘ng‘iroqlashib, uchrashdim va biz barcha harakatlarimizda mintaqaviy yondashuvni qo‘llashga kelishib oldik, chunki tabiat ma’muriy chegaralarni tan olmaydi”, — dedi Aziz Abduhakimov.

Universitet Hub and Spoke tamoyili asosida ishlaydi. Aziz Abduhakimovning tushuntirishicha, universitetda bakalavriat, magistratura va doktoranturadan tashqari ekologiya bilan bog‘liq fanlar bo‘yicha ham tayanch bo‘lmagan mutaxassislar tayyorlanadi.

“Bizda va qo‘shnilarimizda jurnalistlar, huquqshunoslar, boshqa sohalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydigan universitetlar bor. Biz allaqachon ular bilan mazkur universitetlar talabalari bizda o‘qishi, imtihon topshirishi va shu qatorda bizning ekojurnalist, ekohuquqshunos diplomlarimizni olishi mumkinligini kelishib oldik”, — dedi vazir.

Universitetning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • jahonning yetakchi “yashil” universitetlari tomonidan qo‘llaniladigan ilg‘or ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, moslashtirish va joriy etish;
  • ilmiy faoliyat;
  • ilmiy tadqiqotlar va amaliy bilimlarning integratsiyasi;
  • mamlakat, mintaqa va jahon ilmiy markazlari bilan birlashish;
  • xorijiy ilmiy ekspertlarni jalb etish;
  • innovatsion va ilmiy faoliyatni tijoratlashtirish.

Green University`da ta’lim kredit-modul tizimi asosida o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Ta’lim jarayoni “fan — ta’lim — ishlab chiqarish” integratsiyasi tamoyili bo‘yicha tashkil etiladi. Birinchi kursdan boshlab talabalar sanoat va ilmiy markazlarga biriktirilib, magistrlar “El-yurt-umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan xorijda o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ta’lim budjet va to‘lov kontrakt asosda amalga oshiriladi. Davlat grantlari quyidagilarga beriladi:

  • Prezident maktablarining Baccalaureate, Advanced Placement, International Advanced Levels xalqaro dasturlari diplomlari va sertifikatlarini olgan bitiruvchilari;
  • ekologiya, matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, informatika va yer fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
  • yuqori ball to‘plagan va kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan abituriyentlar va yagona ijtimoiy ta’minot reestriga kiritilgan oila farzandlari.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, o‘rmon xo‘jaligi, yashil iqtisodiyot va gidrometeorologiya yo‘nalishlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalar ekologiya vazirining stipendiyasini olishlari mumkin bo‘ladi.

Universitet vaqtinchalik o‘rmon xo‘jaligi texnikumi binosida joylashgan bo‘lib, Yangi Toshkent hududida yangi bino quriladi.

Universitet tarkibida etnoekologiya ilmiy-tadqiqot markazi ham tashkil etilmoqda. U Buxoroda joylashadi. Markaz mutaxassislari turli joylarda yashovchi odamlar atrofdagi ekotizimlar va ularning atrof-muhit bilan munosabatini qanday tushunishlarini ilmiy jihatdan o‘rganadilar.