G‘afur G‘ulomning “Shum bola” qissasi BBC (“Bi-bi-si”)ning “Barcha davrlarning 100 ta eng buyuk bolalar kitoblari” ro‘yxatiga kiritildi.

Ushbu ro‘yxatni shakllantirish uchun 56 mamlakatdan tanlab olingan 177 ekspertga “Barcha davrlarning eng yaxshi bolalar adabiyotlariga qaysi asarlar kiradi?” deya savol berilgan. Ular o‘z tanlovi bo‘yicha 10 ta eng yaxshi bolalar kitobi ro‘yxatini tuzgan. Ekspertlar ro‘yxatidagi har bir kitobga joylashgan o‘rniga qarab 10 balldan 1 ballgacha berilgan.

Ekspertlar tomonidan jami 1050 ta kitob nomi ko‘rsatilgan. O‘zbekiston nomidan ushbu ro‘yxatni shakllantirishda ikki vakil ishtirok etdi. G‘afur G‘ulomning “Shum bola” asari O‘zbekiston milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva va AOKA direktori Asadjon Xo‘jayev ro‘yxatlarida 1-o‘rindan joy olgan. “Bi-bi-si”ning umumiy ro‘yxatda esa “Shum bola” 73-o‘rinni egalladi.

“Bi-bi-si”ning eng yaxshi bolalar kitoblari ro‘yxatining kuchli o‘nligidan quyidagi asarlar o‘rin olgan:

  1. Moris Sendak. “Where the Wild Things Are” (o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan);
  2. Lyuis Kerroll. “Alisa mo‘’jizalar olamida”;
  3. Astrid Lindgren. “Peppi uzun paypoq”;
  4. Antuan de Sent-Ekzyuperi. “Kichkina shahzoda”;
  5. J.R. Tolkin. “Hobbit”;
  6. Filip Pulman. “Northern Lights” (o‘zbek tiliga tarjima qilimagan);
  7. Klayv Steyplz Lyuis. “Arslon, jodugar va kiyim javoni”;
  8. Alan Miln. “Vinni Pux”;
  9. Elvin Bruks Uayt. “Charlotte's Web” (o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan);
  10. Roald Dal. “Matilda”.

“Shum bola” qissasi haqida

G‘afur G‘ulomning bolaligi, XX asr boshidagi Toshkent hayoti tasvirlangan “Shum bola” qissasi 1936-yilda yozilgan. Ushbu o‘tkir hajviy asar markazida yozuvchining hayotidan olingan ko‘p faktlar turgan bo‘lsa-da, u avtobiografik emas. Unda haqiqiy tarixiy faktlarga nisbatan badiiy to‘qima, fantaziya kuchli.

Qissada shum bola Qoravoy haqida hikoya qiladi. Qoravoy uyidan ketib qolib, o‘zining topqirligi, zukkoligi, sho‘x-shaddodligi tufayli turli sarguzashtlarni boshidan kechiradi. Shum bola bir guruh o‘g‘riga, har bir gapga “innaykeyin?” deb javob qaytaruvchi boyga, giyohvand mullalarga duch keladi.

Asar asosida 1977-yilda o‘zbek kinosining eng yaxshi namunalaridan biri hisoblanadigan “Shum bola” filmi suratga olingan. Qissa turli xorijiy tillarga tarjima qilingan.