Oliy Majlis Senatining 1-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiyaga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarlarni ma’muriy javobgarlikka tortish vakolatlarini berishni nazarda tutuvchi qonun ma’qullandi.

Hujjatga ko‘ra, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning yurisdiksiyasiga o‘tkaziladi:

  • 63-modda (G‘ayriqonuniy ov, baliq ovlash mahsulotini, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash mahsulotini qabul qilib olish);
  • 72-moddaning 1 va 4-qismlari (Suvlarni ifloslantirish yoki bulg‘atish, suvto‘plagich inshootlarda suvni muhofaza qilish rejimini buzish, suv obyektlariga oqova suvlarni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzishga oid qismida, bundan yer osti suvlariga doir huquqbuzarliklar mustasno);
  • 79-moddaning 1 va 3-qismlari (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish);
  • 88-modda (Atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik, bundan bitum eritish chog‘ida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik mustasno);
  • 90-moddaning 1-qismi (Ov qilish va baliq ovlash qoidalarini, shuningdek hayvonot dunyosidan foydalanishning boshqa turlarini amalga oshirish qoidalarini buzish);
  • 91-модда (Sanoat chiqindilarini, maishiy chiqindilarni va boshqa chiqindilarni to‘plash, tashish chog‘ida tabiatni muhofaza qilish talablarini buzishga oid qismida);
  • 91−1-moddaning 1, 2 va 3-qismlari (Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish);
  • 91−2-modda (Sanitar tozalash infratuzilmasi obyektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish bo‘yicha talablarni buzish).

ichki ishlar organlari, миллий gvardiya, ekologiya

Bundan tashqari, Milliy gvardiya xodimlari 161-modda (Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish) bo‘yicha ishlarni ham ko‘rib chiqadi.

Qonunga kiritilgan o‘zgartishlar bilan bu ishlarni ko‘rib chiqish va jarima tariqasidagi ma’muriy jazo qo‘llash huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar, shuningdek, ularning nomidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma tuzish vakolatiga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya tuzilmalarining mansabdor shaxslari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyaning mansabdor shaxslariga ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida muayyan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni ma’muriy qamoqqa olish vakolati berildi (IIV uchun 63, 72, 79, 88, 90, 90−1, 91, 91−1, 91−2, 110, 111 moddalar), Milliy gvardiya uchun 63, 72, 79, 88, 90, 901, 91, 91−1, 91−2 moddalar).

Qayd etilishicha, endilikda ichki ishlar organlari xodimlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 110-moddasi (It va mushuk boqish qoidalarini buzish) va 111-moddalsi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bo‘yicha qamoqqa olishlari mumkin bo‘ladi.

Senat raisi Tanzila Narbayeva atrof-muhit va ekologiyaga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytirilganini, “javobgarlikni so‘zsiz ta’minlash uchun aniq mexanizmlarni ham belgilab berish zarur”ligini ta’kidladi.

“Zero, aybdor shaxslarga nisbatan o‘z vaqtida javobgarlik choralarini qat’iy qo‘llanilmasligi ularda qonun talablariga bepisandlikni va qonunchilikda belgilangan „javobgarlikning muqarrarligi“ prinsipi buzilishini ham keltirib chiqaradi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonunning kuchga kirishi ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlaridan ham alohida mas’uliyat talab qiladi.

“Bu sohada ma’muriy huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va mutanosib javobgarlikni belgilash — yangi yo‘nalish. Bunda ham sohaga oid bilimlarni oshirish, ham bu turdagi huquqbuzar shaxslar bilan ishlash ko‘nikmasini rivojlantirish kerak bo‘ladi”, — dedi parlament yuqori palatasi rahbari.

Asoslantirish

ichki ishlar organlari, миллий gvardiya, ekologiya

Qonun loyihasining tushuntirish xatida ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish organlariga 39 ta ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash va chora ko‘rish vakolati berilgani qayd etilgan.

Ichki ishlar organlariga ekologiyaga doir faqat 2 ta (123-modda — Transport vositalaridan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish, 161-modda — Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish) ma’muriy huquqbuzarlikni aniqlash, rasmiylashtirish va ma’muriy jazo chorasini qo‘llash vakolati berilgan bo‘lib, amalda bu faoliyat bilan yo‘l-patrul xizmati va profilaktika inspektorlari shug‘ullanadi.

Ekologiyaga doir ma’muriy huquqbuzar-liklarga qarshi kurashish amaliyotiga ko‘ra, 2021-yilda 189 323 ta ma’muriy huqubuzarlik aniqlangan bo‘lsa, shundan 143 899 tasi yoki 76 foiz ichki ishlar, 45 424 tasi yoki 24 foiz ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan aniqlangan.

Xuddi shuningdek, 2022-yil 2 oyida 24 637 ta ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, shundan 18 492 tasi yoki (75 foiz) ma’muriy huquqbuzarlik ichki ishlar, 6 145 ta (25 foiz) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlari tomonidan aniqlangan.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlarining kuch vositalari yetarli emasligi sababli, jamoat joylarida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlashda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda, deyiladi asosda.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 248-moddasiga ichki ishlar organlarining ekologiya sohasida nazoratni amalga oshiruvchi bo‘linmalariga qo‘shimcha o‘rganishlar olib borilishini va maxsus texnika vositalari qo‘llanishini talab etmaydigan, shuningdek, huquqbuzarlik alomati yaqqol ko‘rinib turgan 9 turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy bayonnoma tuzish, shundan 6 turdagi huquqbuzarliklar bo‘yicha jazo chorasini qo‘llash vakolatini berish bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra patrul-post xizmati xodimlari o‘zi aniqlagan ma’muriy huquqbuzarlik yuzasidan huquqbuzarning shaxsini aniqlash va voqea tafsilotlarini rasmiylashtirish uchun patrullik yo‘nalishidagi hududlarni noma’lum muddatga tashlab ketishga (o‘rtacha kunlik hisobda, xizmat olib borish vaqtining 25−30 foiz) hamda huquqbuzar fuqaroni majburiy tartibda ichki ishlar organiga keltirishga hamda profilaktika inspektoriga topshirishga to‘g‘ri kelmoqda.

Bunday tartib fuqarolar uchun ham sun’iy ravishdagi noqulayliklar, ovoragarchilik va ziddiyatlarni tug‘dirishiga va turli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, profilaktika inspektori xizmat vazifalari yuzasidan tayanch punktida doimo bo‘la olmasligi yoki IIBda tungi vaqtda, navbatchi xizmatlardan tashqari, ishlamasligi tufayli ayrim hollarda huquqbuzarliklarga tegishli tartibda huquqiy baho berilmay qolmoqda.

Shundan kelib chiqib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga patrul-post xizmati xodimlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xizmat olib borish hududida aniqlanadigan, holat bilan yaqqollik bilan ajralib turadigan, rasmiylashtirish uchun maxsus bilimlarga ega bo‘lish talab etilmaydigan 8 turdagi ma’muriy huquqbuzarlikni joyida maxsus dasturiy-texnik ta’minot o‘rnatilgan elektron qurilma (planshet) orqali ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish hamda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan organga (mansabdor shaxsga) yuborish vakolati berilishi taklif etilmoqda.