Qozog‘iston O‘zbekistonga ko‘mir eksportini bosqichma-bosqich 25 barobardan ziyodroqqa oshirishni reja qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Iran Sharxanning so‘zlariga tayanib, Kursiv Media xabar bermoqda.

“2025-yildan boshlab O‘zbekistonga ko‘mir yetkazib berishni bosqichma-bosqich (0,5 million tonnadan) 12,8 million tonnaga yetkazish ko‘rib chiqilmoqda. Eksport yo‘nalishlari kengayadi”, — deydi Qozog‘iston rasmiysi Ostonadagi to‘rtinchi ko‘mir sanoati forumi chog‘ida.

2022-yilda Qozog‘iston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidan tashqariga 701,5 million dollarlik 9,8 million tonna termal ko‘mir eksport qilgan. O‘zbekistonga 13,6 million dollarlik 487,9 ming tonna ko‘mir yetkazib berilgan: 2021-yilga nisbatan yetkazib berish miqdoriy ko‘rsatkichda 18,4 foizga va pul ko‘rinishida 30,3% ga o‘sgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistonga 121,8 million dollarlik ko‘mir, koks va briket import qilingan, 2021-yilga nisbatan importning yillik o‘sishi qariyb 30 foizni tashkil etgan.

2022-yilda O‘zbekistondagi yirik korxonalar tomonidan ko‘mir qazib olish hajmi qariyb 6 foizga yoki 0,29 million tonnaga, ya’ni 5,05 million tonnadan 5,35 million tonnaga o‘sgan.

2023-yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonda gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,5 foizga, aprelda esa 8,1 foizga kamaygan. 4 oy davomida ko‘mir 7,4 foizga tushgan. Yil boshidan beri neft qazib olish 4,3 foizga o‘sgan, biroq aprelda pasayish kuzatilgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” issiqxonalar va boshqa korxonalar ommaviy ravishda gazdan ko‘mirga o‘ta boshlashi haqida yozgandi.