Vazirlar Mahkamasining 1-iyundagi qarori [226-sonli] bilan advokatlik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda. Nizomga muvofiq, guvohnoma advokatlik tuzilmasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan joy bo‘yicha hududiy adliya organlari tomonidan 10 yilga beriladi.

Talabgor advokatlik tuzilmasiga qabul qilingandan so‘ng guvohnomani olish uchun arizani “Yuridik yordam” axborot tizimi orqali elektron shaklda adliya organiga yuboradi.

Advokatlik guvohnomasini berish uchun to‘lov undirilmaydi. Guvohnoma ariza yuborilgandan so‘ng 2 ish kunida beriladi. Hujjat tayyor bo‘lishi bilan talabgorga axborot tizimi orqali real vaqt rejimida xabarnoma yuboriladi.

Talabgor quyidagi hollarda guvohnomani ololmay qolishi mumkin:

  • talabgor advokatlik tuzilmasini tashkil etmagan yoki mavjud advokatlik tuzilmalaridan biriga qabul qilinmagan bo‘lsa;
  • talabgor advokat qasamyodini qabul qilmagan bo‘lsa.

Agar guvohnomadagi maxsus QR-kod skanerlash imkoni bo‘lmaydigan darajada yaroqsiz holga kelib qolsa, haqiqiy emas deb hisoblanadi. Maxsus QR-kod tasviri yaroqsiz holatga kelishining oldini olish imkonini beradigan texnologiyada tayyorlanishi ta’minlanadi.

Advokatlik guvohnomasi quyidagi hollarda qayta rasmiylashtiriladi:

  • advokatning familiyasi, ismi yoki otasining ismi o‘zgarganda, uning litsenziyasi qayta rasmiylashtirilgandan so‘ng;
  • advokat boshqa adliya organi joylashgan hududda ro‘yxatdan o‘tgan advokatlik tuzilmasiga kirganda;
  • advokatlik guvohnomasining amal qilish muddati tugaganda;
  • advokatlik guvohnomasi yo‘qotilgan yoxud yaroqsiz holga kelganda.